"Innovatsiyalar, sun'iy intellekt va robototexnika kuni" tadbiri tashkil etildi
2026-08-06 15:35:00 / Yangiliklar

"O'zbekkosmos" agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasi xodimlari uchun "Innovatsiyalar, sun'iy intellekt va robototexnika kuni" tadbiri tashkil etildi.
Tadbir doirasida Agentlik mutaxassislari tomonidan "O'zbekkosmos" faoliyati, mamlakatimizda kosmik texnologiyalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Taqdimot davomida Yerni masofadan zondlash texnologiyalari, sun'iy yo‘ldosh ma'lumotlaridan samarali foydalanish, geoaxborot tizimlari (GIS), sun'iy intellekt yechimlari hamda kosmik texnologiyalarni davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Shuningdek, Agentlik tomonidan kosmik ta'lim ekotizimini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni kosmik texnologiyalar, robototexnika va sun'iy intellekt yo‘nalishlariga keng jalb etish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda yaqin istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yirik loyihalar taqdim etildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, kosmik texnologiyalar va sun'iy intellektning turli sohalardagi amaliy ahamiyati, ularni davlat boshqaruvi va ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etish istiqbollari, shuningdek, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari hamda innovatsion tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.





