“Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshi uchirilishiga doir BRIFING
2026-08-04 16:15:00 / Yangiliklar

Toshkent vaqti bilan soat 07:00 dan 09:00 ga qadar Xitoy Xalq Respublikasining Haiyan Sharqiy kosmodromidan “Samarkand-2028” Yerni masofadan zondlash sun’iy yo‘ldoshi orbitaga uchiriladi.
Mazkur sun’iy yo‘ldosh Xitoyning STAR.VISION kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi – “O‘zbekkosmos” bilan hamkorlikda yaratilgan.
“Samarkand-2028” missiyasi O‘zbekistonning milliy kosmik dasturini rivojlantirish, zamonaviy kosmik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ladi.
Giperspektral texnologiya – yangi imkoniyatlar
“Samarkand-2028” – Yerni masofadan zondlash bo‘yicha giperspektral sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi.
An’anaviy sun’iy yo‘ldoshlar tasvirlarni cheklangan spektral kanallarda qayd etsa, giperspektral texnologiya Yer yuzasidan qaytgan nurlanishni 20 va undan ortiq spektral diapazonlarda tahlil qilish imkonini beradi.
Bu texnologiya obyektlarning tarkibi va holati haqida ancha batafsil ma’lumot olish imkonini yaratadi.
Ayniqsa, giperspektral ma’lumotlardan:
- qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari va holatini aniqlash;
- o‘simliklarning rivojlanishini monitoring qilish;
- suv va tabiiy resurslarni kuzatish;
- ekologik holatni baholash;
- yerdan foydalanish jarayonlarini monitoring qilish kabi yo‘nalishlarda samarali foydalanish mumkin.
Sun’iy intellekt – sun’iy yo‘ldosh bortida
Missiyaning eng muhim texnologik jihatlaridan biri – sun’iy yo‘ldosh bortiga “O‘zbekkosmos” agentligi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt modulini integratsiya qilinganidir.
Bu STAR.VISION kompaniyasining xalqaro loyihalari doirasida muhim texnologik qadam bo‘lib, o‘zbekistonlik mutaxassislarning kosmik texnologiyalar iste’molchisi bo‘libgina qolmay, balki ularni yaratish jarayonida ham bevosita ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.
AI moduli sun’iy yo‘ldosh tomonidan olingan tasvirlarni bevosita orbitada avtomatik tahlil qilish imkonini beradi. Ya’ni zarur ma’lumotlarni Yerga uzatishdan oldin ularning muayyan qismi kosmik apparatning o‘zida qayta ishlanadi.
Bu esa,
- Yerga uzatiladigan ma’lumotlar hajmini kamaytirish;
- muhim axborotni tezkor olish;
- ma’lumotlarni qayta ishlash samaradorligini oshirish;
- keyingi tahlil jarayonlarini tezlashtirish imkonini beradi.
Kosmik texnologiyalar – iqtisodiyot va jamiyat manfaati uchun
“Samarkand-2028” missiyasining asosiy maqsadi faqat kosmik apparatni orbitaga chiqarish bilan cheklanmaydi. Sun’iy yo‘ldoshdan olinadigan ma’lumotlar mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaning turli yo‘nalishlarida amaliy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Xususan, ulardan:
- qishloq xo‘jaligi;
- suv resurslarini boshqarish;
- ekologik monitoring;
- tabiiy resurslarni kuzatish;
- favqulodda vaziyatlarni barvaqt aniqlash;
- shaharsozlik;
- yer resurslaridan samarali foydalanish va boshqa strategik yo‘nalishlarda foydalanish imkoniyati mavjud.
Shu bilan birga, loyiha kosmik muhandislik, sun’iy intellekt va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash sohalarida milliy kadrlar salohiyatini oshirish uchun muhim texnologik tajriba vazifasini bajaradi.
Nega aynan “Samarkand-2028”?
Sun’iy yo‘ldoshga “Samarkand-2028” nomi berilishi bejiz emas. 2025 yilda Avstraliyaning Sidney shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro astronavtika kongressi (IAC) doirasida Samarqand shahri 2028 yilda o‘tkaziladigan 79-Xalqaro astronavtika kongressining mezboni sifatida tanlangan.
Bu O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Chunki mintaqada birinchi marta kosmik sohaning eng nufuzli xalqaro forumlaridan biri O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Shu ma’noda, “Samarkand-2028” nomi O‘zbekistonning xalqaro kosmik hamjamiyatdagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ifodalaydi.
Samarqand – ilm-fan va kosmos merosi
“Samarkand-2028” nomi zamonaviy kosmik texnologiyalar bilan bir qatorda O‘zbekistonning boy ilmiy merosini ham o‘zida mujassam etadi.
Samarqand asrlar davomida ilm-fan, astronomiya va ma’rifat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. XV asrda buyuk olim va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek aynan Samarqandda o‘z davrining eng ilg‘or astronomik rasadxonalaridan birini barpo etgan.
Oradan qariyb olti asr o‘tib, Samarqand nomi yana kosmos bilan bog‘liq muhim voqea markazida turibdi. Mirzo Ulug‘bekning astronomik merosidan tortib, sun’iy intellekt texnologiyalari bilan jihozlangan yangi avlod sun’iy yo‘ldoshlarigacha bo‘lgan taraqqiyot yo‘li O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalarning uzviy davomiyligini namoyon etadi.
O‘zbekistonning kosmik salohiyati
Kosmik sohada amalga oshirilayotgan ushbu loyihalar mamlakatimizda ilm-fan, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijasidir.
“Samarkand-2028” loyihasi doirasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning sun’iy yo‘ldoshni ishlab chiqish va uning intellektual tizimlarini yaratish jarayonida ishtirok etishi milliy kosmik muhandislik salohiyati shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Bu esa O‘zbekistonning kosmik texnologiyalardan foydalanuvchi davlatdan ushbu texnologiyalarni ishlab chiqish va yaratishda ishtirok etuvchi davlatga aylanish yo‘lidagi muhim qadamdir.
O‘zbekiston – Xitoy kosmik hamkorligi
“Samarkand-2028” missiyasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy-texnologik hamkorlikning amaliy natijalaridan biridir. Loyiha doirasida ikki davlat mutaxassislarining tajribasi va texnologik salohiyati birlashtirildi.
Ishonamizki, ushbu missiya kosmik texnologiyalarni rivojlantirish bilan bir qatorda, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy, texnologik va kosmik hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Uchirish xavfsizligi
Shuni alohida ta’kidlash joizki, har qanday kosmik missiyada xavfsizlik eng ustuvor vazifa hisoblanadi. Shu sababli uchirish jarayonida ob-havo sharoiti, raketa tizimlari yoki boshqa texnik omillar bilan bog‘liq xavf aniqlansa, parvoz vaqti o‘zgartirilishi yoki uchirish boshqa muddatga qoldirilishi ham mumkin.
Bu xalqaro kosmik amaliyotda odatiy holat bo‘lib, bunday qarorlar avvalo missiya xavfsizligi va barcha tizimlarning ishonchli ishlashini ta’minlash maqsadida qabul qilinadi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Samarkand-2028” sun’iy yo‘ldoshining orbitaga chiqarilishi O‘zbekistonning jahon kosmik ekotizimiga faol integratsiyalashuvi, xalqaro ilmiy-texnologik hamkorlikni kengaytirish va ilg‘or kosmik texnologiyalarni mamlakat rivoji yo‘lida tatbiq etish bo‘yicha intilishlarining yana bir amaliy ifodasidir.
Eng muhimi, bu missiya orbitadagi yana bir sun’iy yo‘ldosh emas. Bu O‘zbekiston kosmik texnologiyalarni yaratish, sun’iy intellektni kosmosda qo‘llash va milliy kosmik muhandislik salohiyatini shakllantirishda yangi bosqichga qadam qo‘yilayotganidan dalolatdir.
