Yosh tadbirkorlar va innovatorlar bilan uchrashuv
2026-07-15 14:55:00 / Yangiliklar

“O‘zbekkosmos” agentligida yoshlarning innovatsion g‘oyalari va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-texnik ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish maqsadida “Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kuni” tashkil etildi.
Tadbirda iqtidorli yoshlar tomonidan kosmik texnologiyalar, geoaxborot tizimlari, sun'iy intellekt, raqamli yechimlar, muhandislik va boshqa innovatsion yo‘nalishlarda ishlab chiqilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi. Ishtirokchilar o‘z ishlanmalari, ularning amaliy ahamiyati, biznes modeli, bozordagi ehtiyoji hamda kelgusidagi rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma'lumot berdilar.
Loyihalar "O‘zbekkosmos" agentligi soha mutaxassislari tomonidan har tomonlama ko‘rib chiqildi. Muhokamalar davomida taqdim etilgan g‘oyalarning texnik jihatlari, amaliy samaradorligi, iqtisodiy salohiyati hamda ularni kosmik texnologiyalar bilan integratsiya qilish imkoniyatlariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, loyiha mualliflariga o‘z ishlanmalarini yanada takomillashtirish, startap sifatida rivojlantirish, investorlarni jalb etish, intellektual mulkni himoya qilish hamda loyihalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli tavsiya va xulosalar berildi. Istiqbolli loyihalarni keyingi bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash va ularning rivojlanishiga ko‘maklashish yuzasidan ham fikr almashildi.
Mazkur tadbir yosh tadbirkorlar va innovatorlar uchun o‘z g‘oyalarini mutaxassislarga taqdim etish, amaliy tavsiyalar olish hamda istiqbolli loyihalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.





