Tarix bilan yuzma-yuz
2026-07-08 18:15:00 / Yangiliklar

“O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan yosh xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, ularda milliy qadriyatlar va boy tarixiy merosimizga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida “Ichki turizm kuni” doirasida muntazam ravishda madaniy-ma’rifiy sayohatlar tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi sayohat manzili Xorazm viloyatining bebaho tarixiy durdonasi – Xiva shahridagi Ichan qal’a davlat muzey-qo‘riqxonasi bo‘ldi. YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan ushbu noyob majmua Markaziy Osiyoda o‘zining asl tarixiy qiyofasini saqlab qolgan eng qadimiy va betakror shahar-muzeylardan biri hisoblanadi.
Sayohat davomida Agentlikning yosh va iqtidorli xodimlari Ko‘hna Ark, Kalta Minor, Muhammad Aminxon madrasasi, Juma masjidi, Toshhovli saroyi kabi mashhur tarixiy-me’moriy obidalarni ziyorat qildilar. Malakali gidlar hamrohligida ular Xivaning ko‘p asrlik tarixi, o‘ziga xos me’morchilik an’analari, qadimiy ilm-fan va hunarmandchilik maktablari, shuningdek, ajdodlarimiz yaratgan boy madaniy meros haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada yuksaltirish, milliy qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirish hamda jamoada hamjihatlik va korporativ madaniyatni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekkosmos” agentligi bundan buyon ham xodimlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularning tarixiy merosimizni chuqur anglashiga xizmat qiluvchi bunday madaniy-ma’rifiy tashabbuslarni izchil davom ettiradi.




