O'zbekkosmos va SMC xalqaro ekologik ko‘rgazmada
2026-06-03 12:25:00 / Yangiliklar

2–4-iyun kunlari Samarqanddagi Silk Road Samarkand majmuasining EXPO CENTER ko‘rgazma markazida “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Undan O'zbekkosmos agentligi hamda Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalari markazi o‘zining maxsus stendi bilan ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari, geoaxborot tizimlari, dron monitoringi va sun’iy intellekt asosidagi zamonaviy yechimlar namoyish etilmoqda. Ushbu texnologiyalar ekologiya, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, o‘rmon xo‘jaligi va infratuzilma sohalarida samarali monitoring olib borish imkonini yaratadi.
Stendga tashrif buyuruvchilar uchun quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha batafsil ma’lumotlar taqdim etilmoqda:
- Chiqindixonalarni monitoring qilish
- Yashil hududlarni raqamlashtirish
- Daraxtlarning noqonuniy kesilish holatlarini aniqlash
- O‘rmon fondi yerlarini xaritalash
- O‘rmon yong‘inlari xavfini kuzatish
- Qishloq xo‘jaligi yerlarini raqamlashtirish
- Ekin maydonlari holatini monitoring qilish
- Suv resurslaridan foydalanishni tahlil qilish
- Suv omborlari va muhim infratuzilma obyektlarini kuzatish
Markazning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki ekologik xavflarni erta aniqlash, tabiiy resurslardan samarali foydalanish, hududlar holatini zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali tahlil etish hamda davlat organlari va xususiy sektor uchun aniq ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.



