“O‘zbekkosmos" agentligida yoshlar bilan ochiq muloqot
2026-05-14 17:15:00 / Yangiliklar

“O‘zbekkosmos" agentligida yoshlar bilan ochiq muloqot va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” loyihasi muntazam ravishda amalga oshirilmoqda.
Navbatdagi uchrashuv Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari bilan tashkil etildi.
Tadbirda talabalarga kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh tizimlari, geoaxborot texnologiyalari, masofadan zondlash, raqamli innovatsiyalar hamda ushbu yo‘nalishlarda yoshlar uchun yaratilayotgan ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, yoshlarni kosmik va axborot texnologiyalari sohalariga keng jalb etish, innovatsion va startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash hamda mavjud salohiyatni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yurituvchi “Space Club”larning hozirgi faoliyati, istiqbolli loyihalari hamda talabalarni ushbu tashabbuslarga faol jalb qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida tashkil etilgan ochiq muloqot va davra suhbatlarida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislaridan batafsil va asosli javoblar oldilar.
Uchrashuv samimiy, ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi. Bu esa yoshlarning kosmik soha va zamonaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda ularning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.








