Orbitada 226 kun bo‘lgan xalqaro kosmik stansiya komandiri o'zbekistonlik jurnalistlar bilan uchrashdi
2026-05-14 16:50:00 / Yangiliklar

NASA’ning tajribali astronavtlaridan biri, 9 marta ochiq kosmosga chiqib, orbitada 226 kun bo‘lgan xalqaro kosmik stansiya komandiri Endryu Foystel O'zbekistonga keldi.
Bugungi kunda u AQShning Vast kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda. Vast insoniyatning keyingi avlod orbital stansiyalarini yaratishga qaratilgan yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Kompaniyaning “Haven-1” loyihasi dunyodagi ilk tijoriy kosmik stansiyalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Tashrif doirasida astronavt "O'zbekkosmos" agentligi tomonidan tashkil etilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ishtirok etib, O‘zbekistonda kosmonavtikani rivojlantirish uchun eng avvalo inson kapitaliga investitsiya qilish muhimligini ta’kidladi. Uning fikricha, zamonaviy kosmik sanoatda muvaffaqiyatga erishish uchun katta raketalar yoki milliardlab dollar emas, balki malakali muhandislar, dasturchilar va ilmiy tafakkur zarur.
Astronavt yoshlarni fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlariga keng jalb qilish muhimligini qayd etdi. U O‘zbekistonning tarixiy ilmiy merosi, xususan, Mirzo Ulugbek faoliyatini alohida e’tirof qilib, mamlakat kosmik ilm-fan rivoji uchun katta salohiyatga ega ekanini bildirdi.









