Kosmik tadqiqotlar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani
2026-05-13 18:15:00 / Yangiliklar

Bugun mamlakatimiz keng ko‘lamli transformatsiya bosqichidan o‘tmoqda. Ochiqlik, katta maqsadlar hamda bilim, texnologiya va xalqaro hamkorlikka tayangan taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Kosmik soha esa ushbu yangi taraqqiyot yo‘nalishining muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda.
O‘zbekiston ham bu yo‘nalishda izchil qadam tashlab, zamonaviy kosmik infratuzilmani shakllantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va milliy kadrlar salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu esa mamlakatimizning global innovatsion makondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, yosh avlodni ilm-fan, muhandislik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalariga keng jalb etish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biridir. Chunki ertangi texnologik taraqqiyot aynan bugun tayyorlanayotgan bilimli va tashabbuskor mutaxassislar qo‘lida shakllanadi.
Shu ma’noda, kosmik sohani rivojlantirish nafaqat yangi texnologiyalarni joriy etish, balki Yangi O‘zbekistonning intellektual, innovatsion va raqamli kelajagini barpo etish yo‘lidagi strategik qadamdir.
Kosmik sohada huquqiy bazaning mustahkamlanishi
2025-yilda O‘zbekistonda kosmik faoliyatni rivojlantirish yo‘nalishida muhim huquqiy va institutsional hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni shular jumlasidandir. Ushbu hujjatlar nafaqat kosmik texnologiyalarni huquqiy tartibga solish, balki ularni real iqtisodiyot tarmoqlariga chuqur integratsiya qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
“Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun kosmik faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy hujjat. Qonunda kosmik faoliyat sohasidagi strategik yo‘nalishlar hamda davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, iqtisodiyot tarmoqlaridagi qonunchilik buzilishi holatlarini kosmik suratlarga ishlov berish orqali aniqlashga ko‘maklashish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligi nazarda tutilgan.
Prezident Farmoni esa kosmik texnologiyalarni bevosita iqtisodiyot tarmoqlariga tatbiq etishga qaratilgan strategik hujjat hisoblanadi. Unda aerokosmik ma’lumotlardan foydalanishni kengaytirish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida boshqaruv tizimini takomillashtirish asosiy yo‘nalish sifatida belgilangan.
Farmonga muvofiq, yer resurslari holatini sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring qilish, hosildorlikni tahlil qilish, ekologik xavflarni erta aniqlash hamda qishloq xo‘jaligi jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha yangi yondashuvlar joriy etilmoqda. Bu esa sohada samaradorlikni oshirish va resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlaydi.
Davlat kosmik monitoring tizimi
Bugungi kunda kosmik texnologiyalar atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslardan samarali foydalanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan joriy etilayotgan zamonaviy kosmik monitoring tizimlari orqali ekologiya, geologiya, qishloq xo‘jaligi, yer munosabatlari, suv xoʼjaligi va oʼrmon xo‘jaligi kabi sohalarda samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, qishloq xo‘jaligi yerlarida hosil yig‘ib olingandan keyingi qoldiqlarni yoqish holatlarini aniqlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan monitoring tizimi ishlab chiqilgan. Ushbu tizim yong‘inlarni uzluksiz kuzatish, tezkor aniqlash va tegishli tashkilotlarga ma’lumot uzatish imkonini bermoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2024-yilda respublika miqyosida 2200 ta bug’doy o‘rimidan so‘nggi dala yong’ini kuzatilgan bo‘lsa, 2025-yilda ularning atigi 130 tasida yong’in holatlari qayta kuzatilgan. Natijada mazkur loyiha orqali takroriy yoqish holatlari 94 foizga kamaydi.
Shuningdek, daraxt kesilishini nazorat qilish bo‘yicha ham maxsus platforma yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim shahar va aholi yashash hududlaridagi yashil maydonlarni kunlik monitoring qilish imkonini yaratadi. Kosmik tasvirlar yordamida yashil hududlar raqamlashtirilib, daraxtlar kesilishi yoki yashil maydonlar qisqarishi holatlari tezkor aniqlanadi. Bu esa noqonuniy daraxt kesilishiga qarshi kurashish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va yashil hududlarni saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Suv resurslarini barqaror boshqarish yo‘nalishida ham ilg‘or yechimlar joriy qilinmoqda. Kosmik monitoring asosida har bir qishloq xo‘jaligi maydonining haqiqiy suv iste’molini aniqlash, “virtual suv o‘lchagich” tizimini shakllantirish va sug‘orish me’yorlarini optimallashtirish imkoniyatlari yaratilmoqda. Bu esa suv tejamkorligini oshirish, qishloq xo‘jaligi samaradorligini kuchaytirish va hosildorlikni prognoz qilishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Bunday innovatsion yondashuvlar O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va kosmik sohani rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish borasida muhim qadam hisoblanadi.
Xalqaro hamkorlik
2025-yil O‘zbekiston kosmik sohasi uchun tarixiy yil sifatida qayd etildi. Aynan shu yilda “O‘zbekkosmos” agentligi tashabbusi bilan mamlakatimiz “Xalqaro astronavtika kongressi – IAC 2028” mezbonligini qo‘lga kiritdi. Ushbu yutuq mamlakatning xalqaro imiji nuqtai nazaridan ham yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi.
IAC – dunyoning eng nufuzli kosmik platformalaridan biri bo‘lib, unda yetakchi kosmik agentliklar, ilmiy markazlar va texnologik kompaniyalar ishtirok etadi. Mezbonlik huquqining O‘zbekistonga berilishi mamlakatimizga bo‘lgan xalqaro ishonch va e’tirofning amaliy ifodasidir.
2028-yilda ushbu nufuzli kongressni Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilma uyg‘unlashgan ushbu shahar global kosmik hamjamiyat uchun muhim uchrashuv nuqtasiga aylanadi.
Shuningdek, Xitoy milliy aerokosmik administratsiyasi (CNSA), Koreya aerokosmik administratsiyasi (KASA) va “Star.Vision” (Xitoy) kompaniyasi bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Kosmik ta’lim yo‘nalishida Xitoy Fanlar akademiyasi huzuridagi Aerokosmik axborot tadqiqot instituti, Kyushu texnologiya instituti (Yaponiya), Turin politexnika universiteti (Italiya), Tokio universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Kosmik ta’lim yo‘nalishidagi ishlar
Yoshlarni kosmik soha va innovatsion texnologiyalarga jalb etish agentlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xususan, quyidagi loyihalar amalga oshirilmoqda:
Robototexnika, astronomiya va kichik sun’iy yo‘ldoshlarga ixtisoslashtirilgan “Cosmic Camp” yozgi kosmik oromgohi tashkil etilib, unda 300 nafar yoshlar qamrab olindi. Ular agentlik tomonidan ishlab chiqilgan 3-5-7 kunlik kosmik yo‘nalishiga bag‘ishlangan dasturlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar doirasida maktab o‘quvchilarini Turkiyaning Izmir shahriga kosmos va aviatsiyaga ixtisoslashgan markazlarga yuborildi. “3th Space Camp” dasturida 2026-yilga qadar 30 ziyod iqtidorli o‘zbek yoshlari ishtirok etib kelmoqda.
Talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida milliy “CanSat” mini sun’iy yo‘ldoshlar musobaqasi o‘tkazilib, yoshlar 3 oy davomida online o‘qitildi va
400 dan ortiq ishtirokchidan final bosqichida 9 ta jamoa 120 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi hamda g‘olib jamoa xalqaro “ICESCO CanSat International”da qatnashish uchun yuborildi. Ular 54 davlatdan qatnashgan yoshlar orasida TOP-5 likka kirishdi.
Kosmik faoliyatga qiziqishni oshirish maqsadida xalqaro kosmik haftalik doirasida “Nasa Space Apps Challange” xakatoni, “Unisat 3.0” loyihasi hamda “Space Fest” tadbirlari tashkil etilib, 2000 ziyod yoshlar ushbu tadbirlarda ishtirok etishdi.
Talabalar va yosh olimlar o‘rtasida innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish maqsadida 2025-yilda “Yosh muhandis” tanlovi Toshkent shahri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilib, 500 nafar ishtirokchi va 80 jamoa qatnashdi, 9 jamoa esa sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. 2026-yilda esa respublikamizning 5 viloyatida o‘tkazildi. Hududlarda iqtidorli yoshlarning loyihalarini taqdim qilishlari uchun maydon yaratildi, unda 1600 ziyod loyihalar qatnashdi va Final bosqichiga 250 nafar yoshlar Toshkent shahrida o‘z ishlanmalarini taqdim qilishdi va eng ilg‘or komanda Turkiyaga Cosmik lagerga yo‘llanma yutib olishdi.
STAR.VISION kompaniyasi tomonidan “Space Summer Camp 2025” loyihasi doirasida iqtidorli talabalarning ishtirok etishlari uchun barcha shart sharoitlar yaratilmoqda.
O‘zbekistonning birinchi fazogirini uchirish ishlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida o‘tgan taqdimot doirasida birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash masalasi ilgari surildi. Dastlabki takliflarga ko‘ra, 10-14 kunlik parvozga tayyorgarlik ko‘rish rejalashtirilmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlik istiqbollari, jumladan, yetakchi kosmik agentliklar bilan hamkorlik formatlari ko‘rib chiqilmoqda.
Bu tashabbus nafaqat ramziy ahamiyatga ega. Milliy fazogir – bu yoshlar uchun kuchli motivatsiya, ilm-fanga qiziqishni oshirish, mamlakat imijini mustahkamlash omilidir.
Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. O‘zbekiston kosmonavti fazoda bo‘lishi doirasida olib borilishi mumkin bo‘lgan tadqiqotlar yo‘nalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qo‘yish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini o‘rganish), o‘simliklar genetikasi (qurg‘oqchilik va sho‘rlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni to‘plash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan o‘tkazish) taklif qilindi.
Bu mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning yuzaga kelishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qiladi.
O‘zbekistonning birinchi ilmiy sun’iy yo‘ldoshi
Bugungi kunda kosmik texnologiyalar davlatlarning ilmiy, texnologik va strategik qudratini belgilovchi muhim omillardan biriga aylangan. Sun’iy yo‘ldoshlar nafaqat aloqa yoki meteorologiya tizimlari, balki iqtisodiyot, ekologiya, xavfsizlik, qishloq xo‘jaligi va ilm-fan rivojining ham ajralmas qismidir. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish tashabbusi mamlakat tarixida yangi texnologik davrni boshlab beruvchi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.
Mazkur loyiha O‘zbekistonning kosmik sohadagi mustaqil ilmiy-texnik salohiyatini shakllantirish, yosh mutaxassislar maktabini yaratish hamda milliy kosmik infratuzilmani rivojlantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu tashabbus mamlakatning kosmosdan foydalanishda iste’molchidan ishlab chiqaruvchi va ilmiy tadqiqot olib boruvchi davlatga aylanish yo‘lidagi strategik harakatidir.
So‘nggi yillarda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan O‘zbekistonning ilk ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish va uchirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Mutaxassislar fikricha, agentlikning asosiy maqsadi – mamlakatda sun’iy yo‘ldoshlarni yaratish, boshqarish va ulardan amaliy foydalanish bo‘yicha milliy kompetensiyani shakllantirishdan iborat.
Bugungi kunda loyiha bir necha yo‘nalishda parallel ravishda rivojlantirilmoqda. Birinchidan, xalqaro hamkorlik kengaytirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida qo‘shma ilmiy sun’iy yo‘ldosh loyihasida ishtirok etmoqda. Mazkur loyiha 2026-yilda orbitaga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda o‘zbekistonlik mutaxassislar sun’iy yo‘ldoshning ayrim texnologik qismlarini ishlab chiqishda qatnashmoqda.
Ikkinchidan, agentlik milliy kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu maqsadda Yaponiyaning Kyushu texnologiya instituti bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida bir guruh o‘zbekistonlik magistrantlar sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash, yig‘ish va orbitaga chiqarish bo‘yicha amaliy bilim olmoqda. Aynan ushbu yosh mutaxassislar kelajakdagi milliy ilmiy-texnik sun’iy yo‘ldosh guruhlari ustida ishlaydi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati








