"O'zbekkosmos" agentligi rahbariyati “Space Club” yoshlari bilan uchrashishdi
2026-05-08 16:20:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda kosmik texnologiyalar va raqamli innovatsiyalar jadal rivojlanayotgan bir davrda yoshlarning ushbu sohalarga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ilmiy va amaliy loyihalarga keng jalb etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, navbatdagi uchrashuv Toshkent shahridagi Inha University in Tashkent qoshida faoliyat yuritayotgan “Space Club” ishtirokchilari bilan tashkil etildi.
Uchrashuv davomida talabalarga kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldosh tizimlari, geoaxborot texnologiyalari hamda raqamli innovatsiyalar yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar tomonidan sohaning bugungi rivojlanish tendensiyalari, kosmik texnologiyalarning iqtisodiyot va turli tarmoqlardagi ahamiyati, shuningdek, ushbu yo‘nalishda yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar atroflicha tushuntirildi.
Muloqot jarayonida talabalarni kosmik soha va IT yo‘nalishlariga keng jalb etish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, universitetdagi “Space Club” faoliyati, uning istiqboldagi loyihalari va yoshlarni amaliy tashabbuslarga faol jalb etish bo‘yicha fikr almashildi.
Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning kosmik texnologiyalar va innovatsion faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ilmiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda kelajakda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.






