“O‘zbekkosmos” agentligi “China Space Day 2026” xalqaro forumida
2026-04-24 17:50:00 / Yangiliklar

“O‘zbekkosmos” agentligi delegatsiyasi Xitoyning kosmik sohadagi eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri “China Space Day 2026” xalqaro forumida ishtirok etmoqda.
Ushbu tadbir ilk bor 2016-yilda tashkil etilgan hamda har yili 24-aprel – Xitoyning birinchi sun’iy yo‘ldoshi “Dong Fang Hong-1” uchirilgan sana munosabati bilan o‘tkazib kelinadi.
Xalqaro kosmik hamjamiyat uchun muhim platformaga aylangan mazkur tadbir doirasidagi ko‘rgazma va ilmiy konferensiyalar ko‘plab tashkilotlarning nufuzli ekspertlari va mutaxassislari, davlat va xususiy sektor vakillarini birlashtiradi. Bu yilgi tadbirda kosmik sanoatning dolzarb yo‘nalishlari – sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, masofadan zondlash, kosmik ma’lumotlardan foydalanish, startaplar va innovatsion ishlanmalar keng muhokama qilinmoqda.
“O‘zbekkosmos” agentligi vakillarining ushbu global hamkorlik platformasidagi ishtiroki milliy kosmik sanoatni yanada rivojlantirishda katta ahamiyatga ega. Tashrif dasturidan Xitoyning ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish, ayniqsa, yerni masofadan zondlash bo‘yicha sun’iy yo‘ldoshlar, geoaxborot tizimlari va agrotexnologiyalar uchun kosmik ma’lumotlardan foydalanish yuzasidan tajriba almashish hamda ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari bilan muzokaralar olib borish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, mazkur forum doirasida xalqaro kosmik hamjamiyat vakillari uchun 2028-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan 79-Xalqaro astronavtika kongressini keng targ‘ib qilish, hamkor va homiylarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.




