BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi (COPUOS) Yuridik quyi qo‘mitasining 65-sessiyasida mamlakatimiz manfaatlari birinchi marta ifoda etildi
2026-04-23 16:35:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda O‘zbekiston kosmik sohada xalqaro integratsiya va huquqiy diplomatiyani faol rivojlantirib kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri sifatida Avstriya poytaxti Vena shahrida o‘tkazilgan BMTning Kosmosdan tinch maqsadlarda foydalanish qo‘mitasi (COPUOS) Yuridik quyi qo‘mitasining 65-sessiyasida Uzcosmos agentligi tomonidan mamlakatimiz manfaatlari birinchi marta ifoda etilganini keltirish mumkin.
Mazkur ishtirok O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi PF–155-sonli farmoni bilan tasdiqlangan 2024–2026-yillarga mo‘ljallangan kosmik sohani rivojlantirish yo‘l xaritasi doirasida amalga oshirildi. Bu esa mamlakatning kosmik diplomatiya va xalqaro kosmik huquq tizimidagi o‘rnini yangi bosqichga olib chiqdi.
COPUOS Yuridik quyi qo‘mitasining 65-sessiyasi doirasida kosmik faoliyatni tartibga solishga oid xalqaro huquqiy masalalar muhokama qilindi. Xususan, sohani xalqaro normalar asosida tartibga solish, BMT kosmik shartnomalarining ijrosi, kosmik obyektlar uchun javobgarlik masalalari va milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish kabi mavzularga to‘xtalib o‘tildi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan mamlakatning kosmik sohadagi davlat siyosati va islohotlari taqdimot qilindi. Unda kosmik sohani davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilanishi, normativ-huquqiy bazaning takomillashtirilishi, kosmik texnologiyalarni iqtisodiyotga joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga doir masalalar qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, 2028-yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro kosmik kongress (IAC)ga tayyorgarlik ishlari haqida ham axborot berildi. Ushbu tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholandi.
Mamlakatimiz delegatsiyasining COPUOS Yuridik quyi qo‘mitasining 65-sessiyasidagi ishtiroki O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega bo‘ldi. U orqali mamlakatimiz xalqaro kosmik huquq muhokamalariga qo‘shildi, milliy kosmik siyosat global maydonga olib chiqildi va xalqaro tajriba asosida huquqiy asoslarni takomillashtirish imkoniyati yaratildi.


