Namanganda yosh muhandislar kuch sinashdi
2026-04-22 11:45:00 / Yangiliklar

Texnologiya, robototexnika, innovatsiya va hatto astronavtikaga qiziqayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Uzcosmos agentligi tomonidan “Yosh muhandis” respublika tanlovining Namangan viloyati hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tanlov Uzcosmos agentligi, Namangan viloyati hokimligi hamda IT Park Namangan hamkorligida tashkil etildi.
28-fevraldan boshlab qabul qilingan arizalar asosida 11 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar 100 ga yaqin jamoa tarkibida 200 dan ortiq innovatsion muhandislik loyihalari bilan ishtirok etdi.
18-aprel kuni Namangan shahridagi IT Park binosida bo‘lib o‘tgan hududiy bosqichda esa 70 dan ortiq jamoa o‘zaro bellashib, amaliy va zamonaviy yechimlari bilan barchaning e’tiborini tortdi.
Tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hay’ati har bir loyihani sinchkovlik bilan baholab, eng istiqbolli va kelajagi porloq g‘oyalarni saralab oldi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 26 nafar eng kuchli ishtirokchi final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
