Kosmik texnologiyalar rivojida standartlarning o‘rni
2026-04-22 14:45:00 / Yangiliklar

Bugungi globallashuv va raqamli transformatsiya davrida kosmik texnologiyalar nafaqat ilm-fan, balki iqtisodiyot, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va milliy xavfsizlikning muhim tarkibiy qismiga aylanib bormoqda. Ayniqsa, 2024–2026-yillarda ushbu sohada ishlab chiqilgan va tasdiqlangan standartlar O‘zbekiston kosmik sanoatining yangi bosqichga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur jarayonda O‘zbekkosmos agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar alohida e’tiborga loyiq. Agentlik faoliyatida standartlashtirish jarayoni kosmik texnologiyalarni amaliyotga samarali joriy etish, ularning aniqligi, xavfsizligi va xalqaro talablarga mosligini ta’minlashda asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
2024–2026-yillarga mo‘ljallangan aerokosmik texnologiyalarni iqtisodiyot tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha qabul qilingan dastur va normativ hujjatlar aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ushbu davrda kosmik monitoring, masofadan zondlash, geoinformatsion tahlil, sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini qayta ishlash hamda ulardan davlat boshqaruvida foydalanish bo‘yicha yangi standartlar va me’yoriy asoslar shakllantirildi.
Standartlarning eng muhim jihati — bu ma’lumotlarning yagona formatda yig‘ilishi va qayta ishlanishidir. Masalan, yer resurslari, suv omborlari, o‘rmon xo‘jaligi, ekologik monitoring va noqonuniy qurilishlarni aniqlashda qo‘llanilayotgan kosmik suratlar aynan belgilangan texnik standartlar asosida tahlil qilinadi. Bu esa turli vazirlik va idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvi jarayonini tezlashtiradi.
O‘zbekkosmos agentligi faoliyatida standartlar, avvalo, davlat kosmik monitoringi tizimini takomillashtirish uchun muhim platforma vazifasini bajarmoqda. 2024-yilda agentlik tomonidan aniqlangan ehtimoliy qonunbuzarlik holatlari kosmik monitoring orqali aniqlangani bu tizim samaradorligining yaqqol isbotidir.
Shuningdek, mazkur standartlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda ham katta rol o‘ynamoqda. Kosmik faoliyat sohasidagi qonunchilikning mustahkamlanishi, xalqaro kosmik huquq me’yorlariga moslashish va xorijiy tashkilotlar bilan texnologik integratsiya qilish imkoniyatlari kengaydi. Ayniqsa, 2025-yilda qabul qilingan “Kosmik faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun ushbu yo‘nalishda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Kelgusida 2026-yilgacha ishlab chiqilayotgan standartlar asosida qishloq xo‘jaligi monitoringi, suv resurslarini boshqarish, ekologik nazorat va tabiiy ofatlarning oldini olish bo‘yicha yangi raqamli yechimlar joriy etilishi kutilmoqda. Bu esa “O‘zbekkosmos” agentligining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi strategik rolini yanada mustahkamlaydi.
Bir so'z bilan aytganda kosmik texnologiyalar sohasidagi standartlar — bu shunchaki texnik hujjatlar emas, balki innovatsion rivojlanishning mustahkam poydevoridir. Ular orqali O‘zbekiston kosmik salohiyatini oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va zamonaviy boshqaruv tizimini yaratish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilmoqda.
Ma'lumot uchun: kosmik sohada standartlashtirish bo'yicha normativ hujjatlarni O‘zbekiston standartlar institutining http://uzsti.uz rasmiy veb saytidan yuklab olishingiz mumkin.
