Uzcosmos hamda Agrobank o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi
2026-04-20 10:05:00 / Yangiliklar

Memorandum qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni, xususan, kosmik monitoring va raqamli yechimlarni keng joriy etish orqali soha samaradorligini oshirishga qaratilgan. Bu yo‘nalishda yer resurslaridan oqilona foydalanish, ekinlar holatini doimiy monitoring qilish, ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hamda innovatsion yechimlarni keng qo‘llash rejalashtirilgan.
Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 13-martdagi “Qishloq xoʻjaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-99-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida qabul qilindi.
Hamkorlik doirasida kosmik suratlar asosida yer va ekinlarni tahlil qilish, geoaxborot tizimlari (GIS)ni rivojlantirish, raqamli platformalar yaratish, tahliliy ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, shuningdek, soha mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu hamkorlik qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish, resurslardan samarali foydalanish va raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishga xizmat qiladi.

