O‘zbekkosmos jamoasi VIII Toshkent xalqaro marafonida faol ishtirok etdi
2026-04-07 10:15:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi sport tadbirlari tobora ommalashib bormoqda. Ayniqsa, yugurish - inson irodasi, matonati va birdamligining timsoliga aylangan. Kuni kecha poytaxtda o‘tgan VIII Toshkent xalqaro marafoni ham jamoatchilikni jismoniy faollikka jalb etish hamda turli tashkilotlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Bu yilgi marafonda 30 dan ortiq davlatdan 15 000 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida “O‘zbekkosmos” agentligi xodimlari ham “Uzcosmos” jamoasi sifatida faol ishtirok etib 5 km, 10 km, 21 km va 42.2 km masofalarni muvaffaqiyatli bosib o‘tishdi. Har bir kilometr - irodani, sog‘lomlikni va jamoaviy ruhni ifodaladi.
Qayd etish lozim, Toshkent xalqaro marafoni yildan-yilga o‘z nufuzi va qamrovini kengaytirib, nafaqat professional sportchilar, balki turli soha vakillari, jumladan davlat tashkilotlari, xususiy sektor va yoshlar orasida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekkosmos agentligi xodimlari marafonning turli yo‘nalishlarida qatnashib, jismoniy faollik va sog‘lom hayot tarziga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.







