Toshkent Markaziy Yevrosiyo kosmik muloqot markaziga aylandi
2026-04-02 10:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston mezbonlik qilgan Space Technology Conference 2026 xalqaro anjumani kosmik texnologiyalar sohasidagi eng yirik mintaqaviy platformalardan biriga aylandi. Ushbu tadbir nafaqat ilmiy va texnologik muloqot maydoni balki global kosmik hamjamiyat vakillarini birlashtirgan strategik hamkorlik nuqtasi sifatida ham katta ahamiyat kasb etdi.
Anjumanda 500 nafarga yaqin delegatlar ishtirok etishdi. Ularga Rossiya, Xitoy, AQSH, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya Hindiston, Ummon sultonligi, Singapur, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Pokiston Myanma kabi davlatlarning kosmik agentliklari va tegishli tashkilotlarini keltirishimiz mumkin.
Qolaversa, jahon kosmos bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan 40 ga yaqin xorijiy kompaniyalar, jahon kosmik industriyasining yetakchi o‘yinchilari ham qatnashishdi. Xususan, “Axiom Space”, “Planet Labs”, “Capella Space”, “Hydrosat”, “VAST”, “Octave”, “Star.Vision”, “China Academy of Space Technology”, “Kratos Defense”, “Airbus”, “Eutelsat”, “Synspective”, “Orbitworks”, “Nara Space”, “Oman Lens”, “4iGSpace&Defense Technologies”, “Türksat”, “Intersputnik”, “Kacific”, “Kazakh Engineering”, “SES” shular jumlasidandir.
Xalqaro anjuman doirasida 100 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchta davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon tomonidan maxsus brifinglar tashkil etilib, milliy kosmik dasturlar, investitsion imkoniyatlar va kelgusi rejalar taqdimot qilindi.
Anjumanda uchta yirik xalqaro tashkilot rahbarlarining tashrifi alohida ahamiyat kasb etdi:
- Xalqaro astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori Kristian Fayxtinger (IAF)
- Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev (OTG)
- Osiyo-Tinch okeani kosmik hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi JIANG Hui (APSCO)
Bu tashkilotlar ishtirokidagi muloqotlar mintaqaviy va global hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini yaratdi.
Qolaversa, konferensiya doirasida yana bir muhim tadbir — qurg‘oqchilikni kosmik monitoring qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo yoshlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda yosh mutaxassislar va tadqiqotchilar iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, qishloq xo‘jaligi monitoringi kabi ko‘plab dolzarb masalalarni kosmik texnologiyalar orqali hal qilish imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Bu forum yoshlarni kosmik sohaga jalb qilish va innovatsion fikrlashni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu bilan birga, Space Technology Conference 2026 xalqaro anjumani doirasida dunyoga mashhur astronavtlar — Michael López-Alegría va Alper Gezeravcı tashrif buyurdi. Ularning ishtiroki tadbir nufuzini yanada oshirib, kosmik sohadagi amaliy tajriba va ilmiy yutuqlarni bevosita tinglash imkonini yaratdi.
Michael López-Alegría — NASAning eng tajribali astronavtlaridan biri hisoblanib, shu kungacha 6 ta kosmik missiyada qatnashgan, kosmosda 296 kundan ortiq vaqt o‘tkazib, 10 marta ochiq kosmosga chiqishga sazovor bo‘lgan, bu NASAning mutlaq rekordidir.
Alper Gezeravcı — Turkiya tarixidagi ilk astronavt sifatida tanilgan. Uning parvozi nafaqat shaxsiy yutuq, balki butun mamlakat uchun ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan. Uning missiyasi milliy kosmik dasturlarni rivojlantirishga turtki berdi
Space Technology Conference 2026 nafaqat konferensiya, balki Markaziy Osiyoning kosmik kelajagini belgilab beruvchi muhim voqeaga aylandi. Toshkent bugungi kunda kosmik texnologiyalar va innovatsiyalar chorrahasiga aylanib borayotganini ushbu anjuman yana bir bor namoyon qildi. Ushbu tadbir yakunlari shuni ko‘rsatadiki, yaqin yillarda mintaqa kosmik sohada yanada faol ishtirokchilardan biriga aylanishi mumkin.
O‘zbekkosmos agentligi Axborot agentligi









