Ayollarga ehtirom – yuksak qadriyat
2026-03-06 17:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga bo‘lgan hurmat va ehtirom yuksak darajada namoyon bo'ladi. Shu munosabat bilan “O‘zbekkosmos” agentligida ham bayramona tadbir tashkil etildi.
Tadbirda agentlik rahbariyati tomonidan ayollarning jamiyat va davlat taraqqiyotidagi o‘rni, ayniqsa, ilm-fan, innovatsiya va kosmik texnologiyalar sohasidagi hissasi alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda “O‘zbekkosmos” agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar kosmik tadqiqotlar, geoinformatsion texnologiyalar, masofadan zondlash ma’lumotlarini tahlil qilish, loyihalarni boshqarish hamda ilmiy-texnik ishlanmalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
Bayram munosabati bilan agentlik tizimida samarali faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar e’tirof etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir davomida ayollarning fidokorona mehnati, mas’uliyatli yondashuvi va professional salohiyati jamoaning yutuqlarida muhim o‘rin tutayotgani alohida qayd etildi.

