Yoshlar va kosmos: “O‘zbekkosmos” agentligi yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda!
2026-03-06 10:50:00 / Yangiliklar

So‘nggi vaqtlarda “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirildi. Bu tadbirlar yosh avlodning kosmik texnologiyalar, innovatsiya va ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Jumladan, agentlik mutaxassislari Webster University qoshida faoliyat yuritayotgan Space Club a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazishdi. Unda talabalarga O‘zbekistonda kosmik soha rivoji, “O‘zbekkosmos” agentligi faoliyati hamda yoshlar uchun mavjud amaliyot imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, klub faoliyati yuqori baholanib, oyning eng faol klubi sifatida taqdirlandi.
Yoshlar bilan ishlash borasidagi yana bir muhim tashabbus sifatida “Sehriyo” maktabi o‘quvchilari uchun maxsus amaliyot dasturi tashkil etilganini ham qo'shimcha qilish lozim. Dastur doirasida o‘quvchilar agentlik faoliyati bilan yaqindan tanishish, mutaxassislar bilan muloqot qilish va ayrim amaliy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bu esa ularning kelajakda kosmik muhandislik va texnologiyalar sohasiga qiziqishini yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, agentlik mamlakatda STEM ta’limi va robototexnika yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan “STEM for Youth” forumida ham faol ishtirok etdi. Forum ishtirokchilariga sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari, Yerni masofadan zondlash hamda zamonaviy kosmik ishlanmalar haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Bunday tashabbuslar yoshlarni ilm-fan va texnologiyalarga jalb qilish, shuningdek, O‘zbekistonda kosmik soha uchun yangi mutaxassislar avlodini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.






