Yaponiyada o'zbek yoshlari mamlakatning birinchi ilmiy sun'iy yo'ldoshini yasashni boshlashdi
2026-03-05 14:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy ilmiy sun’iy yo‘ldoshni yaratish jarayonlari boshlandi. Bu mamlakatning kosmik va texnologik yo‘nalishi uchun strategik qadam sifatida baholanmoqda.
Sababi, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda kosmik texnologiyalar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Yerni masofadan zondlash, iqlim monitoringi, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish kabi yo‘nalishlarda kosmik ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan, ilmiy sun’iy yo‘ldosh yaratish tashabbusi ramziy yoki PR loyiha emas. Aksincha, u O‘zbekistonning uzoq muddatli ilmiy va texnologik suverenitetini ta’minlashga qaratilgan amaliy ehtiyojdir.
Mazkur loyihaning Yaponiyada O‘zbekiston yosh muhandislari tomonidan amalga oshirilishi esa tasodifiy tanlov emas. Kunchiqar mamlakat kichik va o‘rta o‘lchamdagi ilmiy sun’iy yo‘ldoshlarni yaratish bo‘yicha dunyodagi yetakchi maktablardan biriga ega. Ayniqsa, universitetlar qoshidagi kosmik laboratoriyalar yosh muhandislar tayyorlashda samarali model sifatida tan olingan.
Ayni shu jihatlarni inobatga olgan holda “O‘zbekkosmos” agentligi 2025-yilning oktabr oyida 7 nafar o‘zbekistonlik yosh muhandislarni “Kyushu institute of technology” oliygohiga magistratura yo‘nalishida grant asosida o‘qish uchun yubordi.
Sun’iy yo‘ldoshning uchrilishini 2028-yilda amalga oshirish reja qilingan. Unga “Mirzo Ulugʼbek” deya nom berildi va uning formati 6U koʼrinishida boʼlib, ilmiy sunʼiy yoʼldosh sifatida fazoga uchiriladi. U Yer yuzasini masofadan zondlash, ilmiy tajribalar va kosmik texnologiyalarni sinovdan oʼtkazish vazifalarini bajaradi. Ushbu loyiha orqali nafaqat texnik qurilma yaratish, balki inson kapitalini shakllantirishni ham maqsad qilingan. Yaʼni kompleks dasturda Yaponiyaga magistratura bosqichida oʼqishga yuborilgan talabalar mazkur jarayonning muhim boʼgʼini sifatida koʼrilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida o‘zbekistonlik yoshlar sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash, yig‘ish, sinovdan o‘tkazish va boshqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etishmoqda. Bu esa tayyor mahsulotdan ko‘ra muhimroq natijadir, ushbu milliy kadrlar maktabini shakllantirish imkonini beradi. Ya’ni, O‘zbekiston buyurtma qilishdan ko‘ra uzoq muddatli texnologik suverenitet yaratish modelidan borib, bosqichma-bosqich milliy kosmik sanoatni shakllantirish yo‘lidadir.
O’zbekistonlik talabalardan iborat 7 nafar kosmik muhandislarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Muhammadsolih Adxamjonov – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada sun’iy yo‘ldoshning kommunikatsiya qismi bo‘yicha ish olib bormoqdaman. Uning asosiy vazifasi bu sun’iy yo‘ldosh va yer stansiyasi o‘rtasida barqaror va samarali aloqa tizimini ta’minlashdan iboratdir.
Abbosxo‘ja Akramov – yosh muhandis
– Men ilmiy sun’iy yo‘ldosh loyihasida “Yer stantsiyasidan yo‘ldoshni boshqarish dasturini ishlab chiqish bo’yicha ishlayapman. Shuningdek, sun’iy yo‘ldoshning quyi tizimlarini elektr va mexanik jihatdan birlashtirib turuvchi bort platasini loyihalash hamda integrasiya qilish ishlarida ham qatnashyapman. Dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, quyi tizimlarni o‘zaro muvofiqlashtirish hamda shularning uzviy va barqaror ishlashini ta’minlash mening vazifalarimga kiradi.
Habibulloh Azimjonov – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada sun’iy yo‘ldosh tuzilishi va termal barqarorligini loyihalash bilan shug’ullanyapman. Bu fazoviy uskunalarni loyihalash va tahlil qilish, apparatlarning uchirish paytdagi yuklamalarini, tebranishlarini, zarba va fazodagi mexanik kuchlanishlarga bardosh bera olishini tahlil qilishdan iborat. Shuningdek, men sun’iy yo‘ldosh qismlarining keskin issiq va sovuq kosmik sharoitlarda xavfsiz harorat oralig‘ida ishlashini ta’minlash bo’yicha ham ishlayman.
Ahmadillo Sayfullayev – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada “On-Board Computer”, ya’ni sun’iy yo‘ldosh ichidagi kompyuter tizimi uchun javob beraman. Mening asosiy vazifam sun’iy yo‘ldoshning barcha jarayonlarini markaziy kompyuter orqali boshqartirishdir. Bortning dasturiy ta’minotini ishlab chiqarish, sinovlardan o‘tkazish, turli ichki tizimlardan kelayotgan ma’lumotlarni qayta ishlatish hamda yer stansiyasi bilan barqaror aloqani ta’minlash mening vazifalarim sirasiga kiradi. Shuningdek, tizimning barqaror holatda doimiy ishlashi va barcha nosozliklarni tezda aniqlab, ularni xavfsiz tartibda yechish nazoratim ostida bo’ladi.
Asilbek Shukurov – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada “Attitude Determination and Control Systems (ADCS)” ya’ni sun’iy yo‘ldoshning manevrlar bajarishi, telemtrik ma’lumotlar yig‘ib olib, asosiy kompyuterga yuborishi hamda yo‘ldoshning barcha harakatga aloqador bo‘lgan qismlari uchun javobgarman. Shu tizim ichida hozirda eng muhim vazifalarim, bu – har bir ADCS uskunalari uchun dasturiy ta’minot hamda algoritmlarini tuzib berishdir.
Burhan Uvraimov – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada sun’iy yo‘ldoshdagi kameralarga va ulardan olish kerak bo‘lgan kosmik suratlar tizimiga javob beraman. Mening asosiy vazifalarim kameralarning barqaror ishlashi va yerning tiniq rasmini olish hamda uni yuborishdan iboratdir. Ya’ni men maxsus kameralar bortdagi kompyuter bilan mosligini va boshqa tizimlar bilan uning aloqasini tekshiraman.
Shoxruxbek Yunusov – yosh muhandis
– Men mazkur loyihada “Electrical Power System”, ya’ni elektr quvvat tizimlari bo‘yicha mas’ulman. Yo‘ldoshimizning barcha modullariga yetarlicha va barqaror energiya ta’minlash mening eng muhim vazifamdir. Buning uchun quyosh panellarini tanlab olib, ulardan chiqayotgan quvvatini hisoblab chiqib, akkumulator sig‘imini aniqlashim zarur. Undan tashqari, quvvatni xavfsiz taqsimlash sxemalarini ishlab chiqish, elektron platalarni yig‘ib sinovdan o‘tkazish, energiya barqarorligini hisoblash hamda tizimning har bir rejimida to‘g‘ri ishlashini tekshirish mening majburiyatimdir. Keyinchalik “CubeSat” orbitaga chiqqanida quvvat telemtriyasini kuzatib borish ham mening vazifalarimdan biridir.
Ilmiy sun’iy yo‘ldosh mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi uchun ham muhim platformaga aylanishi kutilmoqda. Uning yordamida talaba va yosh olimlar real kosmik ma’lumotlar bilan ishlash imkoniga ega bo‘ladi, muhandislik sohalari, amaliy fizika, IT va aerokosmik yo‘nalishlarda amaliy tadqiqotlar rivojlanadi, ilmiy ishlanmalarni xalqaro darajada himoya qilish imkoniyati kengayadi.
Ushbu ilmiy sun’iy yo‘ldosh yasalishining boshlanishi nafaqat texnik jarayon, balki mamlakatning ilmiy tafakkuri va texnologik ambitsiyalarini namoyon etuvchi muhim bosqichdir. Ushbu loyiha orqali O‘zbekiston nafaqat kosmik texnologiyalardan foydalanadigan, balki o‘z bilim va innovatsiyalarini yaratuvchi davlat maqomini shakllantirish sari qadam tashlamoqda.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati



