Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi qurg‘oqchiligi ko‘rsatkichlarini shakllantirish uchun samarali monitoringni yuritish bo‘yicha xalqaro trening
2025-12-16 14:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy tarmoqlari uchun Davlat kosmik monitoring tizimi orqali ko‘mak berib kelayotgan “O‘zbekkosmos” agentligi BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligi qurg‘oqchiligi ko‘rsatkichlarini shakllantirish uchun samarali monitoringni yuritish” loyihasiga start bergan edi.
Bu loyiha masofaviy zondlash texnologiyalari, ilg‘or geoaxborot tizimi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarishning barqaror usullariga ko‘maklashib, ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishni yaxshilashga imkon yaratadi.
Treninglarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan soha mutaxassislari, mahalliy, mintaqaviy va xalqaro ekspertlar ishtirok etmoqda.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoda, shu jumladan, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda qishloq xo‘jaligi iqtisodiy barqarorlik va oziq-ovqat xavfsizligining muhim tarkibiy qismidir. Ushbu mamlakatlar asosan qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga tayanadi. Ammo iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi tufayli so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan qurg‘oqchiliklar qishloq xo‘jaligi hosildorligiga bevosita bog‘liq bo‘lgan qishloq joylarda hosilning jiddiy yo‘qotilishiga, oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishiga va ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keldi. Ushbu muammolarni hal etish qishloq xo‘jaligi sohasida asosli qarorlar qabul qilish va barqarorlikni mustahkamlash uchun qurg‘oqchilikni o‘z vaqtida hamda samarali monitoring qilish va boshqarish tizimlarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Yerni kuzatish (YEO) va geofazoviy texnologiyalar qishloq xo‘jaligi sharoitlarini kuzatish va deyarli real vaqt rejimida katta hududlarda qurg‘oqchilikning unga taʼsirini baholashda muhim ahamiyatga ega ekanligini isbotladi. ESKATO (Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi) Barqaror rivojlanish uchun mintaqaviy kosmik dasturi (RESAP)ning asosiy tarkibiy qismi bo‘lgan Mintaqaviy qurg‘oqchilik mexanizmi qurg‘oqchilik taʼsirini yumshatish va unga hozirlanish hamda erta ogohlantirishlar berish bo‘yicha dalillarga asoslangan qarorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun kosmik maʼlumotlar, mahsulotlar hamda moslashtirilgan xizmatlardan o‘z vaqtida va bepul foydalanishni taʼminlaydi.
Loyihaning maqsadi Markaziy Osiyo mamlakatlariga qurg‘oqchilikni boshqarish uchun kosmik texnologiyalar va geofazoviy maʼlumotlarning so‘nggi yutuqlaridan foydalanishda yordam berish hamda kosmik maʼlumotlar, mintaqaviy tajriba va zaxiralardan o‘z vaqtida foydalanishni osonlashtirishga qaratilgan.
Loyiha doirasida ESKATO mintaqaviy qurg‘oqchilik mexanizmi va uning mintaqaviy xizmat ko‘rsatuvchi agentlari, yaʼni Xitoy, Hindiston va Rossiya Federatsiyasi, shuningdek, milliy hamkorlar orqali mavjud bo‘lgan mintaqaviy tajribadan foydalanib, qurg‘oqchilik bo‘yicha tezkor monitoring tizimini va ekinlarni bulutli asosda monitoring qilish tizimi ishlab chiqiladi.
Treninglar ishtirokchilarning boshqa maʼlumotlar manbalari bilan birgalikda Yerni kuzatish yordamida qurg‘oqchilikni monitoring qilish haqidagi tushunchalarini chuqurlashtirish, mintaqaviy hamkorlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarni ilgari surish hamda loyihalarni samarali amalga oshirishga xizmat qildi.
Trening yakunlariga ko‘ra, Qurg‘oqchilik va qishloq xo‘jaligi monitoringi tizimlarini mustahkamlash uchun yerni kuzatish va geofazoviy texnologiyalarni qo‘llash yuzasidan amaliy qadamlarni o‘z ichiga olgan mamlakatlar bo‘yicha yo‘l xaritalari takomillashtiriladi va milliy sharoitlarga moslashtiriladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi Axborot xizmati.






