Uzcosmos: O‘zbekiston va BAA kosmik sohadagi hamkorlikni jadallashtirmoqda - DUBAI AIRSHOW 2025 NATIJALARI
2025-11-25 11:25:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda kosmik texnologiyalar global geoiqtisodiy raqobatning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda. Sun’iy yo‘ldosh tizimlari, yerning masofadan zondlanishi, kosmik monitoring va innovatsion tadqiqot missiyalari nafaqat rivojlangan davlatlar, balki texnologik modernizatsiya yo‘lida borayotgan mamlakatlar uchun ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu jarayonlar fonida O‘zbekiston o‘zining kosmik diplomatiyasi va xalqaro hamkorlik siyosatini izchil kengaytirib, jahon kosmik sektoridagi ishtirokini mustahkamlab bormoqda.
16-21 noyabr kunlari Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan Dubai Airshow 2025 ko‘rgazmasida Uzcosmos delegatsiyasining ishtiroki bu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur forum har ikki yilda aviatsiya, kosmik texnologiyalar va mudofaa sanoati yetakchilarini bir maydonga jamlaydigan eng nufuzli xalqaro tadbirlardan biridir. Texnologiyalar misli ko‘rilmagan sur’atda rivojlanayotgan bugungi sharoitda aynan kosmik soha ko‘rgazmaning asosiy markazlaridan biriga aylandi.

Delegatsiyaning ilk uchrashuvi BAA Kosmik agentligi bosh direktori Salem Butti Al Kubaysi bilan muzokaralardan boshlandi. Tomonlar sun’iy yo‘ldoshlar va ularning butlovchi qismlarini yaratish, ilmiy-texnik loyihalar, tajriba almashinuvi va kosmik diplomatiya yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Bugun BAA – MBRSC, UAE Space Agency va Emirates Mars Mission kabi tashabbuslar orqali mintaqadagi eng kuchli kosmik markazlardan biriga aylangan bo‘lib, O‘zbekiston uchun strategik sherik sifatida alohida o‘rin tutadi.

Muhammad bin Rashid nomidagi Kosmik markaz (MBRSC)ga tashrif doirasida Uzcosmos vakillari sun’iy yo‘ldoshlarni loyihalash, YMZ ma’lumotlarini qayta ishlash, kosmik missiyalarni amalga oshirish va yuqori texnologiyali startaplar ekotizimi bilan yaqindan tanishdi. Muzokaralar yakunida tomonlar ilmiy va texnologik yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalar bo‘yicha kelishuv tayyorlashga kelishib oldi.

Ko‘rgazma davomida Uzcosmos delegatsiyasi AQShning VAST Space va Axiom Space kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. VAST Space yangi avlod tijorat orbital stansiyalarini yaratish bo‘yicha yetakchi bo‘lib, Haven-1 va Haven-2 modullarida sun’iy gravitatsiya yechimlarini ishlab chiqmoqda. Axiom Space esa tijorat asosidagi boshqariladigan kosmik missiyalar va astronavtlar tayyorlash bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lib, hozirda o‘zining birinchi xususiy orbital stansiyasi – Axiom Stationni barpo etmoqda. Uchrashuvlarda texnologiyalar transferi, kadrlar tayyorlash va qo‘shma tadqiqotlar bo‘yicha istiqbollar muhokama qilindi.
Belgiyaning Unifly va Yaponiyaning Terra Drone kompaniyalari bilan o‘tkazilgan muzokaralar ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Terra Drone bilan esa agrodronlar yordamida aniq dehqonchilik, aero-kimyoviy ishlov berish va qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi.

Dubai Airshow 2025 doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlar O‘zbekistonning kosmik texnologiyalarni rivojlantirishga qat’iy intilayotganini, xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi. Global kosmik ekotizim bilan integratsiya, ilg‘or texnologiyalarni o‘zlashtirish va yangi qo‘shma loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatning ushbu sohadagi salohiyatini sezilarli ravishda mustahkamlashi kutilmoqda.
