Prezident iqtidorli farzandlari tashabbusining taqdimotiga bag‘ishlangan “Yilning eng quvonchli yangiligi” nomli tadbir
2025-06-12 13:05:00 / Yangiliklar

“Yangi Oʻzbekiston” universitetida mamlakatimiz taʼlim tizimida katta burilish yasaydigan, yoshlarga kelajakda yangi umid va imkoniyatlar eshigini ochadigan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusiga bagʻishlangan “Yilning eng quvonchli yangiligi” nomli tantanali tadbir oʻtkazildi
Mazkur tashabbus Prezidentning shu yil 15-maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-86-son Farmonida belgilangan muhim vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan.
Davlatimiz rahbarining yosh avlodga nisbatan kuchli ishonchi va strategik qarashlarining amaliy ifodasi sifatida, yoshlardagi intellektual va ijodiy imkoniyatlarni roʻyobga chiqarish uchun maydon yaratmoqda.
Ushbu tashabbus 3 muhim yoʻnalishni qamrab oladi va ular mamlakatimiz kelajagini shakllantirishda asosiy oʻrin tutadi:
Birinchi yoʻnalish – “Prezident iqtidorli farzandlari” milliy dasturi. Ushbu dastur mamlakat boʻylab saralab olingan 1500 nafar eng qobiliyatli 9-sinf bitiruvchilarini jahondagi yetakchi universitetlarga tayyorlashga moʻljallangan.
Milliy dastur ishtirokchilariga Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning malakali maslahatchilari biriktiriladi. Bu maslahatchilar oʻquvchilarga oliy taʼlimga kirish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni rivojlantirishda, portfolioni kuchaytirishda yaqindan yordam beradi.
Bugungi kunda dunyoning eng nufuzli universitetlari — Harvard, Yale va Princeton — test natijalarini emas, aynan shaxsiy portfolioni koʻradi. Yaʼni, yoshlarning loyihasi, yetakchiligi, jamiyatga qanday foyda keltirgani kabi real faoliyatlarni baholaydi.
Milliy dastur aynan mana shu portfolioni toʻplash uchun kuchli asos boʻlib xizmat qiladi.
Masalan, ishtirokchilar uchun Renessans oromgohida maktab dasturidan tashqari tadqiqot metodologiyasi, ijtimoiy loyiha tayyorlash, dizayn fikrlash, jamoaviy ishlash, ochiq nutq madaniyati kabi chuqurlashtirilgan qoʻshimcha fanlarni oʻzlashtirish uchun intensiv treninglar tashkil qilinadi. Buning barchasi ularning shaxsiy portfoliosini boyitadi va hujjat topshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.
Milliy dasturning 40 nafar eng muvaffaqiyatli ishtirokchilari AQSHning nufuzli 8 ta universitetlar uyushmasi “Ivy League” (Pechak ligasi)ning yozgi maktablariga yuboriladi. Bu esa, oʻz navbatida ularning portfoliosini, xususan motivatsiya xatining muvaffaqiyatini kuchaytiradi.
Agar dastur ishtirokchisi keyinchalik TOP-100 talikdagi universitetga 50 foizlik grant asosida oʻqishga kirsa, bu holda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali uning qolgan kontrakt toʻlovi toʻliq qoplab beriladi.
Dasturga qabul jarayoni bir bosqichli boʻlib, har bir hududda matematika
va ingliz tilidan test sinovlari oʻtkaziladi. Har bir fandan 40 tadan savol berilib, umumiy maksimal baho 80 ballni tashkil qiladi. Shuningdek, olimpiadalarda sovrinli oʻrinlarni egallagan nomzodlarga 20 ballgacha qoʻshimcha ball beriladi va Ijtimoiy himoya yagona reestri va Kambagʻal oilalar reestri aʼzolari farzandlariga 10 ballik imtiyoz mavjud. Natijada eng yuqori ball toʻplagan 1500 nafar oʻquvchi saralab olinadi.
Ikkinchi yoʻnalish – Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internatining tashkil etilishi. Bu maktab Oʻzbekistonning eng iqtidorli 8-sinf bitiruvchilari orasidan har yili 60 nafar oʻquvchini qabul qiladi.
Maktab xalqaro standartlarga mos taʼlim berib, dunyoning ilgʻor pedagogik tajribalaridan foydalanadi.
Oʻquvchilar nafaqat ingliz tili, balki kamida yana bitta qoʻshimcha xorijiy tilni ham puxta oʻzlashtiradi. Maktabda ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalar uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, har bir oʻquvchiga shaxsiy portfolio shakllantirish uchun ilmiy, ijtimoiy va innovatsion loyihalar bilan shugʻullanish imkoniyati taqdim etiladi.
Maktabning taʼlim dasturi International Baccalaureate diplomi bilan yakunlanadi, bu esa bitiruvchilarga dunyoning yetakchi universitetlariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish imkoniyatini beradi.
Qabul jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi: 1-bosqichda har bir hududda matematika va ingliz tili fanlaridan 40 tadan test savoli asosida 100 ballik tizimda saralash imtihoni boʻlib oʻtadi va eng yuqori ball toʻplagan 300 nafar oʻquvchi Toshkent shahridagi 2-bosqichga oʻtadi. Ikkinchi bosqichda ham matematika
va ingliz tilidan yozma imtihon oʻtkazilib, yakuniy natijalarga koʻra 60 nafar eng yuqori ball toʻplagan oʻquvchi maktabga qabul qilinadi.
Qabul jarayoni 25 iyunga qadar davom etadi.
Uchinchi yoʻnalish – Prezident iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamjamiyati. Bu Hamjamiyat mamlakatning eng isteʼdodli yoshlarini Prezident maktabi, Al-Beruniy xalqaro maktabi, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini birlashtiradi.
Yoshlar davlat organlari va yirik kompaniyalar bilan bevosita muloqot qilish, mamlakat rivojiga doir muhim qarorlarda fikr bildirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Maxsus raqamli platforma orqali yoshlar oʻzaro tajriba almashadi, innovatsion gʻoyalarini muhokama qiladi.
Bundan tashqari, Hamjamiyat tomonidan yoshlar uchun xalqaro miqyosdagi forumlar, konferensiyalar va treninglarga qatnashish imkoniyati yaratiladi va ular yetakchi ish beruvchilar bilan bevosita bogʻlanadi.
Shuningdek, mamlakat rivojiga sezilarli hissa qoʻshayotgan fidoyi mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash uchun “Yangi Oʻzbekiston poydevorlari” koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bu jamiyatda fidoyilik va kasbiy yuksaklikni qadrlash madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi Oʻzbekistonning kelajak avlodini global raqobatbardosh, intellektual jihatdan yuksak va ijodiy salohiyatga ega boʻlgan mutaxassislar sifatida shakllantirishga qaratilgan strategik loyihadir.
