Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasining ochilish marosimi
2025-05-29 11:05:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 28-may –– 4-iyun kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi hamda Fan olimpiadalari markazi tomonidan Toshkent shahrida ikkinchi marotaba Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-346-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 26-apreldagi 271-son farmoyishida belgilangan tegishli vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 28-may––4-iyun kunlari Toshkent shahrida ikkinchi marotaba Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro kimyo olimpiadasi o‘tkazilmoqda.
Xalqaro olimpiadani o‘tkazishdan asosiy maqsad, buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish, iqtidorli o‘quvchilarning xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobat qilish muhitini yaratish, ularning kimyo fanini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini yanada oshirishdan iborat.
Mazkur olimpiadada dunyoning 13 ta mamlakati — Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Mongoliya, Belarus, Vetnam, Rossiya, Gruziya, Hindiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston davlatlaridan kelgan hamda O‘zbekiston vakillaridan iborat, jami 115 nafar (28 ta jamoa) o‘quvchi-yoshlar ishtirok etadi.
Aytish lozimki, Ikkinchi Renesans nomini olgan o‘rta asrlar sharq mamlakatlari taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan olim Abu Rayhon Beruniyga boʻlgan qiziqish bugun ham butun dunyo miqyosida katta e’tibor bilan qarshi olinadi.
973-yilda, Xorazm vohasi hududida — hozirgi O‘zbekistonning Kat shahri (hozirgi Beruniy tumani)da tavallud topgan Abu Rayhon Beruniyga astronomiya, geografiya, kimyo va matematika fanlarning rivojida beqiyos o‘rin egallagan. Hatto “Kitob al-Jamohir fi Ma’rifat al-Jawohir” asarida moddalar tuzilishi, ularning o‘zaro ta’siri, og‘irlik va zichlikni o‘lchash bo‘yicha ilg‘or g‘oyalar bildirgan.
Shu ma’noda o‘zbek yoshlarining dunyo ilm-fan cho‘qqilarini zabt etishi hamda xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk allamolarning o‘rni beqiyos ekanligini bugun har bir yosh avlod vakili yurakdan his qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada uchun tayyorlangan sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada standartlariga alohida e’tibor berilgan.
Xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida hakamlar hay’ati tarkibiga Turkiya, Saudiya, Rossiya, Belarus va Angliya, kabi xorijiy mamlakatlardan xalqaro olimpiadalar sohasida ko‘p yillik tajriba va yuqori salohiyatga ega ekspert mutaxassislar, shuningdek, O‘zbekistondan akademik unvonga ega professorlar jalb etildi.
Olimpiada bosqichlari 2 turda tashkil etiladi.
1-tur yozma ish (nazariy) shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga 5 ta topshiriq berildi va har bir topshiriq maksimal 10 balldan baholandi — jami 50 ball. Mazkur tur topshiriqlarini bajarish uchun ishtirokchilarga 5 soat vaqt ajratildi.
2-tur amaliy (laboratoriya) ish shaklida o‘tkazilib, 1 ta topshiriq berildi va maksimal 30 ball bilan baholandi. 2-tur topshiriqlarini bajarish uchun 2,5 soat vaqt ajratildi.
Olimpiada doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida bir qator mahorat darslari o‘tkazildi. Bundan tashqari, olimpiada ishtirokchilari va mehmonlar uchun Toshkent va Samarqand shaharlarining tarixiy va madaniy obyektlariga sayohatlar tashkil etilib, yurtimizning madaniy va ma’rifiy merosi bilan yaqindan tanishtiriladi.
Mazkur olimpiada kimyo fani bo‘yicha joriy yilning iyul oyida o‘tkaziladigan Xalqaro Kimyo Olimpiadasi (IChO)ga navbatdagi tayyorgarlik bosqichi bo‘lib xizmat qiladi.
Maʼlumot uchun: 2022-yilda yurtimiz o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 46 ta, 2023-yilda 91 ta, 2024-yilda esa 128 ta medalni, e’tiborlisi, joriy 2025-yil may oyiga qadar jami 132 ta medalni qo‘lga kiritgani – bu sohadagi sa’y-harakatlarning yuksak samarasidir.
