Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining maktabgacha tizim mas’ullari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi
2025-03-06 11:35:00 / Yangiliklar
Muloqotda markaziy va hududiy studiyalardan respublikamizdagi 38 mingdan ortiq davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganlaridek, maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazilgani natijasida sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Maktabgacha taʼlim sohasiga berilgan katta eʼtibor natijasida bogʻchalar soni 8 barobarga oshib, 38 mingdan ortdi va bolalarning qamrov darajasi 2017-yildagi 27 foizdan 77 foizga yetkazildi.
Tashkil etilgan bogʻchalarning qariyb 7 mingtasi davlat bogʻchasi boʻlsa, qolgan 31 mingdan ortigʻi nodavlat bogʻchalar hisoblanadi.
Nodavlat bogʻchalarda hozirda qariyb 1 millionga yaqin bolalarimiz tarbiyalanmoqda.
Mamlakatimizda maktabgacha taʼlim tizimini takomillashtirish, bolalarni asrash, ularning huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha 20 dan ortiq Qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, mamlakatimiz tomonidan BMTning “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi ratifikatsiya qilingan.
Hozirda xususiy maktab yoki bogʻcha ochishdagi byurokratiya yoʻq qilindi, tizim raqamlashtirildi. Bunday xizmatlar uchun oldingi 3 oy oʻrniga 15 kunda litsenziya berilyapti.
Yana bir misol, Prezidentimizning tegishli farmoni bilan 2018-2022-yillarda davlat byudjeti va xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytirildi.
Birgina 2025-yilda oilaviy bogʻchalarni qoʻllab-quvvatlash uchun davlat byudjetidan 3,8 trillion soʻm ajratildi.
Yig‘ilishning ikkinchi qismida har bir hududdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari mas’ullarining tizimni yanada rivojlantirish, bolalarni tarbiyalashdagi yangi metodikalarga doir taklif va mulohazalari tinglandi.
