1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni
2026-09-28 11:00:00 / Yangiliklar
Toshkent shahrida “1-oktabr — Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan oʻtkazilayotgan tadbir ishtirokchilari bugun Oliy Majlis Senati hamda senatorlar ish faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Unda Oliy Majlis Senati qoʻmita raisi Anvar Toʻychiyev, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi masʼul xodimlari, yurtimizning barcha hududlaridan kelgan pedagoglar, uzoq yillar tizimda faoliyat yuritgan ustozlar, taʼlim fidoyilari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida ishtirokchilar Senat kutubxonasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Muloqot davomida davlatimiz tomonidan taʼlim tizimida soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlar, sohaga doir qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati, senatorlar faoliyatining oʻziga xos jihatlari haqida soʻz bordi.
Tadbirda pedagoglar yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimdagi soʻnggi qonunchilik oʻzgarishlari hamda oʻzlari qiziqtirgan boshqa yoʻnalishga doir savollarga atroflicha javob olishdi.
Bayram tadbirlari ayni vaqtda Toshkent shahridagi qator madaniy va sayohat markazlarida davom etmoqda.
