“Qo‘shimcha ta’lim: Kelajak direktorlari forumi – 2026”
2026-08-03 13:00:00 / Yangiliklar

Ayni vaqtda Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Respublika "Kelajak markazi" tomonidan Buxoroda “Qo‘shimcha ta’lim: Kelajak direktorlari forumi – 2026” bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida vazir E'zoza Karimova ishtirok etib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan "Kelajak markazlari" tomonidan yo'lga qo'yilayotgan loyihalar, kutilayotgan natijalar haqida so'z yuritdi.
Forumda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Otabek Xasanov, Respublika "Kelajak markazi" direktori Indira Xoldorova, viloyat hokimligi vakillari, respublikamizning 208 nafar tuman-shahar “Kelajak” markazlari direktorlari va mas'ullar qatnashmoqda.
Anjuman doirasida qo‘shimcha ta’lim tizimida faoliyat boshlayotgan rahbarlarning kasbiy salohiyatini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va tizimni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Dastur doirasida ko‘p yillik tajribaga ega rahbarlar, yetakchi mentorlar va malakali ekspertlar tomonidan ishtirokchilar uchun:
➖ “Rahbarning tayanch kompetensiyasi”,
➖ “Markaz nizomi va normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlash ko‘nikmasi”,
➖ “Qo‘shimcha ta’lim tizimida rahbarlarning strategik yondashuvlari hamda zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish mexanizmlari”,
➖“Axborot tahlili, ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash” mavzularida ma’ruzalar hamda mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Jarayonlar davom etmoqda.
