“Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi doirasidagi masalalar muhokama qilindi
2026-07-28 17:00:00 / Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi mas’ullari ishtirokida “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi ijrosiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

“Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi “Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan bo‘lib, Dasturning asosiy maqsadi — davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun davlat xizmatlari sifati va ochiqligini yangi bosqichga ko‘tarishdan iborat.
Tadbir davomida Agentlik tomonidan davlat boshqaruvida raqamli transformatsiyani jadallashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlarini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.

Unda vazirlik va tizim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan davlat xizmatini inventarizatsiyadan o‘tkazish, ularning raqamlashtirish darajasini baholash hamda bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, reestr.gov.uz platformasi orqali davlat tashkilotlarining raqamlashtirish darajasini baholash mexanizmi, davlat xizmatlarini my.gov.uz va idoraviy axborot tizimlari orqali kengaytirish, shuningdek, “Zero Bureaucracy” platformasiga ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritib borish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Maktabgacha va makatab ta’limi sohasida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish hamda aholi va tadbirkorlar uchun yanada tezkor, shaffof va qulay xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
