Fransiyada qator hamkorlik uchrashuvlari oʻtkazildi
2026-07-13 16:00:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya vakillari Fransiyaning Nitsa shahrida joylashgan Frankofoniya instituti direktori Yann Librati bilan uchrashdi.
Oʻzaro muloqot davomida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan navbatdagi masalalar boʻyicha oʻzaro Anglashuv Memorandumi imzolandi.
Unga koʻra, 2030-yilga qadar Frankofoniya instituti tomonidan oʻzbekistonlik 1 410 nafar (har yili 300 nafardan) fransuz tili oʻqituvchilari malakasini oshirish belgilandi. Mazkur pedagoglarning 910 nafariga bepul pedagogik stipendiya ajratiladi (grant qiymati 1,3 mln yevroga teng).
Shuningdek, “Allumer les étoiles” dasturi orqali pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash va chet tili mutaxassislarini Oʻzbekistonga jalb etish yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik qilish belgilandi.
Shu bilan birga, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Ushbu byuro mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili oʻqituvchilarini malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilgan.
