Maktablarda suv, sanitariya va gigiyena (SSG) sohasidagi islohotlar: “Ishonch 2030” jamgʻarmasi va yangi 3 yulduzli metodologiya
2026-07-06 15:05:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda taʼlim sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, oʻquvchilar uchun qulay, xavfsiz va sogʻlom muhit yaratish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu saʼy-harakatlarning uzviy davomi sifatida, “Ishonch–2030” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2025–2028-yillarda taʼlim sohasida “Maktablarda suv, sanitariya-gigiyena holatini yaxshilash hamda iqlim oʻzgarishiga chidamlilikni oshirish” loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Mazkur strategik dastur doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi 100 ta maktab (har bir viloyatdan 50 tadan) tanlab olinib, ulardagi suv taʼminoti, sanitariya va gigiyena (SSG) tizimlari 3 yulduzli metodologiya asosida tizimli ravishda oʻrganib chiqildi. Baholash jarayoni YUNISEF, BMT Taraqqiyot Dasturi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida amalga oshirildi.
Joriy yilning 18-iyun kuni mamlakatimizdagi qator vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida mazkur oʻrganishlar natijasida ishlab chiqilgan qoʻllanma taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Ishlab chiqilgan qoʻllanma maktablardagi SSG xizmatlarini 11 ta asosiy komponent boʻyicha baholash imkonini beradi. Unda nafaqat infratuzilma, balki quyidagi muhim yoʻnalishlar qamrab olingan:
Iqlim oʻzgarishiga chidamlilik: Maktablarni ekstremal ob-havo sharoitlarida (ayniqsa, qattiq sovuq va qurgʻoqchilikda) faoliyat yuritishini taʼminlash;
Inklyuzivlik: Nogironligi boʻlgan bolalar uchun toʻsiqsiz muhit yaratish;
Gender tenglik: Qizlar uchun hayz gigiyenasini boshqarish (HGB) boʻyicha munosib sharoitlar yaratish;
Ekspluatatsiya va texnik xizmat: Tizimlarni barqaror ishlatish uchun aniq rejalar va byudjetlashtirish mexanizmini joriy etish.
Oʻtkazilgan tahlillar asosida soha infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha metodik qoʻllanma ishlab chiqildi. Ushbu qoʻllanma maktablarda SSG tizimlarini “0 yulduz” dan (xizmatlar yoʻqligi) “3 yulduz” (yuqori darajadagi milliy standartlar) darajasigacha koʻtarish boʻyicha aniq yoʻriqnomalarni oʻz ichiga oladi.
Tizimdagi rahbar xodimlarga mazkur metodichka bilan tanishib chiqish va undan maktablarda suv taʼminoti, sanitariya va gigiyena (SSG) holatini yaxshilashda asosiy qoʻllanma sifatida foydalanish tavsiya etiladi. Bunda investitsiyalarni birinchi navbatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga va iqlim oʻzgarishiga chidamli modellarni yaratishga yoʻnaltirish lozim. Tanlab olingan maktablarni 3 yulduzli reytingga yetkazish ularni butun mamlakat boʻylab namunaviy model sifatida joriy etish hamda oʻquvchilar uchun xavfsiz taʼlim muhitini yaratish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi 100 ta maktabni suv, sanitariya va gigiyena 3 yulduzli yondashuv metodikasi asosida baholash
O‘ZBEK TILIDA
INGLIZ TILIDA
Qoʻshimcha maʼlumot va aloqa uchun:
Koushiki Banerjee, kbanerjee@unicef.org (ingliz tili uchun);
Sagitjan Aytjanov, saytjanov@unicef.org (oʻzbek va rus tillari uchun)

