Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar
2026-06-30 12:00:00 / Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida yoshlar bilan ishlash tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek:
1,5 million nafar yoshning ta’lim olish, kasb-hunar egallash, xorijiy tillarni o‘rganish, ish topish va tadbirkorlikni boshlash bilan bog‘liq muammolari “Yoshlar daftari” orqali hal etildi;
yosh tadbirkorlar soni 5 baravar oshib, 287 mingdan ziyodga yetdi;
xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi;
o‘quvchi va talabalar nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar esa xalqaro musobaqalarda 2 245 ta medalni qo‘lga kiritdi;
tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan manzilli ishlash natijasida ikki yil ichida yoshlar jinoyatchiligi 2,5 baravar kamaydi.
“Lekin bu – yoshlar bilan bog‘liq barcha masalalar hal bo‘ldi, degani emas,” - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari yoshlar masalalari uchun mas’ul vazirlik va idoralar, hokimlar, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, texnikum hamda maktab direktorlariga yoshlarning ehtiyoj va qiziqishlarini muntazam o‘rganish, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha tizimli ishlarni izchil davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
