Maktabgacha taʼlim tashkilotlarining oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlari dual taʼlim asosida oʻqitiladi
2026-06-25 17:35:00 / Yangiliklar

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha taʼlim yoʻnalishi boʻyicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga koʻra:
2026-2027-oʻquv yilidan boshlab:
davlat va nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan oʻrta maxsus maʼlumotli pedagog kadrlar uchun toʻlov-shartnoma asosida maktabgacha taʼlim yoʻnalishida bakalavriat bosqichida dual taʼlim (5+1) shaklida oʻqish joriy etiladi;
mazkur taʼlim yoʻnalishidagi pedagogika oliy taʼlim tashkilotlariga faqat tegishli hududdagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinadi;
dual taʼlim shaklida taʼlim jarayonlarini tashkil etishda talabalarning maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi amaliy faoliyatini metodik jihatdan taʼminlash, muvofiqlashtirish va baholash mexanizmlari (Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
dual taʼlim shaklida taʼlim olayotgan pedagoglar ishlab chiqarishdan ajralgan holda malaka oshirish kurslariga jalb etilmaydi.
ushbu taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash jarayonida maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida zamonaviy koʻnikmalarni shakllantirish, jismoniy tarbiya mashgʻulotlarini oʻtkazish hamda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni shakllantirishni nazarda tutuvchi oʻquv dasturlari joriy etiladi;
2029-2030-oʻquv yilidan boshlab:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining xalqaro taʼlim dasturlari joriy etilgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga oʻz xohishiga koʻra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.
