Maktablarda suv, sanitariya va gigiyena sohasida islohotlar olib borilmoqda
2026-06-19 16:00:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda ta’lim sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘quvchilar uchun qulay, xavfsiz va sog‘lom muhit yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu sa’y-harakatlarning uzviy davomi sifatida, “Ishonch-2030” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2025-2028 yillarda ta’lim sohasida «Maktablarda suv, sanitariya- gigiyena holatini yaxshilash hamda iqlim o‘zgarishiga chidamlilikni oshirish» loyihasini amalga oshirish boshlandi.
Mazkur strategik dastur doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi 100 ta maktab (har bir viloyatdan 50 tadan) tanlab olinib, ulardagi suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena (SSG) tizimlari 3 yulduzli metodologiya asosida tizimli ravishda o‘rganib chiqildi. Baholash jarayoni YUNISЕF, BMT Taraqqiyot Dasturi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida amalga oshirildi.
Ishlab chiqilgan qo‘llanma maktablardagi SSG xizmatlarini 11 ta asosiy komponent bo‘yicha baholash imkonini beradi. Unda nafaqat infratuzilma, balki quyidagi muhim yo‘nalishlar qamrab olingan:
Iqlim o‘zgarishiga chidamlilik: Maktablarni ekstremal ob-havo sharoitlarida (ayniqsa, qattiq sovuq va qurg‘oqchilikda) faoliyat yuritishini ta’minlash;
Inklyuzivlik: Nogironligi bo‘lgan bolalar uchun to‘siqsiz muhit yaratish;
Gender tenglik: Qizlar uchun hayz gigiyenasini boshqarish (NSV) bo‘yicha munosib sharoitlar yaratish;
Ekspluatatsiya va texnik xizmat: Tizimlarni barqaror ishlatish uchun aniq rejalar va budjetlashtirish mexanizmini joriy etish.
O‘tkazilgan tahlillar asosida soha infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha metodik qo‘llanma ishlab chiqildi. Ushbu qo‘llanma maktablarda 880 tizimlarini “0 yulduz” dan (xizmatlar yo‘qligi) “3 yulduz” (yuqori darajadagi milliy standartlar) darajasigacha ko‘tarish bo‘yicha aniq yo‘riqnomalarni o‘z ichiga oladi.
Tizimdagi rahbar xodimlarga mazkur metodichka bilan tanishib chiqish va undan maktablarda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyena (SSG) holatini yaxshilashda asosiy qo‘llanma sifatida foydalanish tavsiya etiladi. Bunda investitsiyalarni birinchi navbatda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga va iqlim o‘zgarishiga chidamli modellarni yaratishga yo‘naltirish
lozim. Tanlab olingan maktablarni 3 yulduzli reytingga yetkazish ularni butun mamlakat bo‘ylab namunaviy model sifatida joriy etish hamda o‘quvchilar uchun xavfsiz ta’lim muhitini yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
