Muhtarama onaxonlar, munis opa-singillar! Qadrli ustozlar!
2026-03-08 08:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Avvalo, siz azizlarni, siz orqali barcha xotin-qizlarni bugungi bahor ayyomi — “8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Ushbu qutlug‘ ayyomda avvalambor, barchamizni dunyoga keltirgan, oq sut berib voyaga yetkazgan Ona siymosi oldida bosh egib, ta‘zim qilamiz va har bir buyuk shaxs ortida moʻtabar ona borligini yana bir bor his qilamiz.
Ayolni, onalarni e‘zozlash, ularga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyatdir. Biz qaysi kasb egasi bo‘lmaylik, qanday lavozimda ishlamaylik, ona oldida bosh egamiz!
Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e‘tibor natijasida bugungi kunda barcha sohalarda ayollarimizning faolligi kundan kun ortib bormoqda.
Xususan, maktabgacha va maktab ta‘limi tizimida ham ana shunday yuz minglab zahmatkash va fidoyi xotin-qizlar kelajagimiz bo‘lgan yosh avlod baxt-u kamoli uchun sidqidildan mehnat qilib kelmoqdalar.
Fursatdan foydalanib, barcha ustoz pedagog xotin-qizlarni, munis opa-singillarimizni yana bir bor go‘zallik va nafosat bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Sizlarga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayz-u baraka, ilmiy va ijodiy yutuqlar tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin, Aziz ayollar!
Hurmat bilan,
Eʼzoza Karimova
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri
