So‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari jarangladi
2026-05-25 08:00:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Eʼzoza Karimova bugun poytaxtimizdagi 255-umumtaʼlim maktabida tashkil etilgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi.
Tadbir avvalida vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yurtimiz maktab bitiruvchilariga tabrigini o‘qib eshittirdi hamda o‘quvchi yoshlarga katta omad va muvaffaqiyatlar tiladi.
Maktab o‘quvchilari orasida milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni 2025 yilda 91 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 138 nafarga yetdi.
Ushbu taʼlim dargohi o‘quvchilari “Ixtirochilikka qadam”, “Yashil chiroq”, “Iqtidor”, “Jadidlar izidan” kabi qator tanlov va musobaqalar, shuningdek “Zakovat” intellektual o‘yini bahslarining tuman va shahar bosqichlarida katta yutuqlarga erishib kelmoqda.
Shu bilan birga maktab "Eso-schools Uzbekistan" Respublika loyihasi doirasida “Green Flag” sertifikatini qo‘lga kiritishgan. “Mutolaa kubogi” Respublika kitobxonlik tanlovida respublika miqyosida faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Tadbir davomida maktabning 2 nafar fidoyi o‘qituvchisi "Xalq taʼlimi aʼlochisi" ko‘krak nishoni hamda bir guruh iqtidorli ustozlari Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
