"Vazir soati" o'tkazildi
2026-04-22 17:00:00 / Yangiliklar
Ta’lim tashkilotlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yangi baholash tizimi, “Turon” hamda “Iqtidor” Respublika tanlovlari va yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini namunali tashkil etish — navbatdagi "Vazir soati" o'tkazildi
Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchiligida navbatdagi “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi. Unda vazir o‘rinbosarlari, vazirlik va tizim tashkilotlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida vazirlik tizimidagi ta’lim tashkilotlarida favqulodda vaziyatlarni oldini olish, bunday holatlarda xodimlar va o‘quvchilarning to‘g‘ri harakatlanishlari hamda xavfsizlik qoidalariga amal qilish borasidagi ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish hamda ta’lim muassasalarida mavzuga doir targ‘ibot ishlarini olib borish bo‘yicha tegishli mas’ul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng yangi baholash tizimi joriy etilgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha qilinayotgan ishlar tilga olindi.
Shuningdek, “Turon” maktab teatri hamda “Iqtidor maktab ansambli” tanlovining yangi mavsumini yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha navbatdagi vazifalar belgilab olindi.
Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda 1 452 ta oromgohda 7-14 yoshli 330 ming nafar, jumladan 201 ta stasionar oromgohda 158 480 nafar, 1 251 ta sog‘lomlashtirish maydonchalarida 171 574 nafar bolalarni qamrab olish ko‘zda tutilgan.
