“Yangi Oʻzbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalariga start berildi
2026-04-08 10:00:00 / Yangiliklar
Poytaxtimizdagi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiyasi” sport musobaqalariga tantanali start berish marosimi boʻlib oʻtdi.
Toshkent viloyati studiyasidan Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori G‘ofurjon Muxamedov, Toshkent viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov, Toshkent viloyatida joylashgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari, talabalar va keng sport jamoatchiligi ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni sog‘lom va har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash davlatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini qayd etishdi. Xususan, ushbu olimpiada nafaqat talaba-yoshlar, balki butun jamiyatda ommaviy sportga va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yana bir pog‘onaga oshirishi ta’kidlandi.
Oliy taʼlim tashkilotlari talaba-yoshlarini sportga keng jalb etishga qaratilgan mazkur musobaqalar 3 bosqichda:
—oliy taʼlim tashkilotlari miqyosida (1–30-aprel);
—hududiy bosqich (1–15-may);
—respublika finali (1–10-iyun).
Musobaqalar 7 ta sport turi basketbol 3x3, voleybol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, suzish va futbol boʻyicha yurtimizdagi barcha davlat, xususiy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida oʻtkaziladi.
Bugungi kunga qadar mamlakatimizning 168 ta oliy ta’lim muassasalaridan 160 ming nafarga yaqin talabalar ushbu musobaqalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishdi.
