Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining sohada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarning hal etilayotganligi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi
2026-04-03 16:30:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi tomonidan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining sohada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida koʻtarilgan masalalarning hal etilayotganligi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, vazirlik tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash “xalq bilan muloqot” tamoyili asosida olib borilmoqda.
Xususan, ota-onalar va tizim xodimlarining murojaatlariga tezkor javob berish uchun Ishonch telefoni yoʻlga qoʻyilgan. 2025-yilda Call-markaz orqali 52 mingdan ortiq fuqarolarning qoʻngʻiroqlariga javob berilgan.
Shuningdek, pedagog xodimlarning toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilishlari uchun maxsus telegram-bot joriy etilgan.
Mazkur bot orqali pedagoglar malaka toifasi, kasbiy sertifikatlash, menejerlik sertifikati va vazir jamgʻarmasi sinovlari boʻyicha murojaatlar holatini kuzatishi, natijalar bilan tanishishi, imtiyoz beruvchi xorijiy til sertifikatlarining verifikatsiya holatini tekshirishi, maxsus ustamalar va boshqa foydali maʼlumotlar bilan tanishishi mumkin.
Axborotda keltirilishicha, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha vazir portali ham tashkil etilgan. Bunda ota-onalar, pedagog xodimlar va keng jamoatchilik vazirlik tizimini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini yuborishi mumkin.
Shu bilan birga, respublikamiz boʻylab har bir tuman va shaharlarda sayyor qabullar oʻtkazilib kelinmoqda. 2025-yil davomida vazirlik tizimiga 46 909 ta murojaat kelib tushgan. Shuningdek, vazirlikning fuqarolar qabulxonasida 7 ming nafardan ortiq fuqarolarning ogʻzaki murojaatlari qabul qilingan.
Yigʻilishda murojaatlarni koʻrib chiqishda faqatgina rasmiy javob berish bilan cheklanib qolmasdan, ularning mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilib, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani alohida qayd etildi.
Sohani raqamlashtirish yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, fuqarolar uchun 10 dan ortiq raqamli xizmatlar yoʻlga qoʻyilib, zarur maʼlumotlarni masofadan turib olish imkoniyati yaratilgan. Bu esa ortiqcha qogʻozbozlikni kamaytirish, vaqtni tejash hamda davlat xizmatlarining ochiqligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
