Yaponiya: maktabgacha va maktab ta’limida sog‘lom ovqatlantirish tizimi o‘rganildi
2026-03-02 14:00:00 / Yangiliklar
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiya davlatida qator hamkorlik uchrashuvlarida qatnashdi.
Jarayonlar davomida Yaponiyada maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash tizimi o‘rganildi.
Shuningdek, Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi (MEXT), Sog‘liqni saqlash, mehnat va ijtimoiy ta’minot vazirligi (MHLW), Iste’molchilar ishlari agentligi (CAA), shuningdek, Maktab tushligini yaxshilash bo‘yicha assotsiatsiya (JAISL) mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Unda maktablarda ovqatlanishni tashkil etishning huquqiy asoslari, sanitariya-gigiyena talablari, mahsulotlar sifati nazorati hamda ta’lim jarayonida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur o‘rganishlar natijasida Yaponiyaning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini yanada takomillashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash hamda samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan.
