Falastinlik mehmonlar holidan xabar olindi
2026-02-25 10:00:00 / Yangiliklar
Inson hayoti, sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lash, ezgulik va adolat tamoyillariga sodiq qolish maqsadidа 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan yurtimizga bir guruh falastinlik mehmonlar olib kelindi.
Ularning taqdiriga befarq qolmasdan har bir oilaning muammosini o‘rganish, ularni mamlakatimizda yashashga moslashtirish jarayoniga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida falastinlik 33 ta oilaning 32 nafar maktab yoshidagi hamda 13 nafar maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalari ta’lim tashkilotlarida tahsil olib kelishmoqda.
Shuningdek, ularning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda bolalar fan, sport, madaniy va til yo‘nalishlaridagi 14 ta to‘garakka jalb etildi.
Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga biriktirilgan falastinlik Mariam Aldahma holidan xabar olindi.
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan ushbu xonadonda iftorlik tashkil qilinib, ular bilan suhbat qurildi.
Qayd etish lozimki, vazirlik tomonidan Mariam Aldahma oilasi holidan doimiy tarzda xabar olib, ularga zarur ko‘mak ko‘rsatilib kelinmoqda.
Xususan, uning farzandlari xususiy ta’lim markazlarida tahsil olish istagini bildirgani inobatga olinib, ularga zarur sharoitlar yaratib berildi.
