“RAQAMLI AVLOD QIZLARI” RESPUBLIKA TANLOVINING HUDUDIY BOSQICHI
2026-01-06 12:15:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan “Digital Generation Uzbekistan” NNM bilan hamkorlikda joriy yilning
6-7 yanvar kunlari “Raqamli avlod qizlari” Respublika tanlovining ikkinchi – viloyat (hududiy) bosqichi tashkil etilmoqda. Jarayonlar yurtimiz bo‘ylab barcha hududlarida bo‘lib o‘tadi.
Unda tanlovning tuman (shahar) bosqichida g‘olib bo‘lgan qizlar ishtirok etishadi. Hududiy bosqichda har bir hududdan eng yuqori ball egallagan 1-, 2- va 3-o‘rin sohiblari (har bir yosh toifasi bo‘yicha) Respublika boskichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Tanlovda ishtirokchi qizlar Taʼlim, sunʼiy intellekt, yashil iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishi kabi yo‘nalishlarda o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etishadi.
Maʼlumot o‘rnida: “Raqamli avlod qizlari” tanlovi 2021 yildan buyon doimiy ravishda o‘tkazib kelinadi. Hozirga qadar unda 100 ming nafardan ortiq qizlar ishtirok etishdi.
Tanlovning dastlabgi bosqichida 92 ming nafardan ortiq qizlar qamrab olindi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, “Raqamli avlod qizlari”da nafaqat o‘zbekistonlik, balki sohaga qiziquvchi xorijlik o‘quvchilar ham qatnashib kelishmoqda. Xususan, o‘tgan yillar davomida loyihada BAA, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Iordaniya va Xitoydan ham qizlar o‘z loyihalari bilan ishtirok etishdi.
Mazkur loyiha doirasida o‘tgan davr mobaynida ishtirokchi qizlar tomonidan 400 dan ortiq loyihalar ishlab chiqilgan. 2024-2025 yillarda loyihada g‘olib bo‘lgan qizlar BAA va AQSHda taʼlim sayohatida bo‘lishdi. Taʼlim sayohati davomida ishtirokchilar shaharlarning diqqatga sazovor joylari bilan birgalikda Emirates National School, Garvard, Massachussets texnologiya institutlaridagi taʼlim jarayonlari bilan ham tanishishdi.
Joriy yilda ham g‘olib ishtirokchilar xorijiy davlatga taʼlim sayohati yo‘llanmasini yutib olishadi.
