“Oʻzbekistonda iqlim taʼlimi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qoʻshma loyihasi doirasida oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi
2025-12-19 17:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 18-19-dekabr kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “O‘zbekistonda iqlim ta’limi orqali yoshlarning yetakchilik qobiliyatlarini kuchaytirish va rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Ta’lim hamma narsadan ustun” jamgʻarmasi (EAA), “Zamin” xalqaro jamoat fondi va Respublika taʼlim markazi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan mazkur oʻquv-seminarda xalqaro va mahalliy ekspertlar, soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi ham olimlar, metodistlar va soha ekspertlarni birlashtirib, iqlim oʻzgarishi taʼlimining texnik va maʼmuriy asoslarini hamda dasturlariga oʻzgartirish kiritish, fanlararo integratsiya qilish boʻyicha har tomonlama kelishuvga erishishdan iborat.
UNESCOning o‘quv dasturlarini “yashillashtirish” bo‘yicha qo‘llanmasiga muvofiq, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha ta’lim jarayoniga yaxlit va fanlararo yondashuv asosida o‘quv-seminar davomida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7–11-sinf o‘quvchilari uchun biologiya, geografiya, fizika, kimyo va matematika fanlari doirasida shakllantirilishi lozim bo‘lgan iqlimga oid kompetensiyalar tahlil qilindi. Shuningdek, tabiiy va aniq fanlar dasturlarini oʻqitish natijalari va mavzularni tizimli integratsiya qilish boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar yakuniy koʻrib chiqildi, dasturlarni ilmiy asoslangan holda takomillashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Seminarda biologiya, geografiya, fizika, kimyo va matematika fanlari boʻyicha ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar koʻrib chiqildi va tasdiqlandi. Har bir sinf darajasida oʻquvchilar egallashi zarur boʻlgan iqlimga oid kompetensiyalar roʻyxati kelishib olindi.
Shu bilan birga oʻquv dasturlarini oʻquv materiallarini ishlab chiqish bilan sinxronlashtirilgan holda amalga oshirish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.
Seminar davomida fanlar boʻyicha ishchi guruhlarda muhokamalar tashkil etildi, oʻquvchilarning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan kompetensiyalarning yakuniy roʻyxati shakllantirildi.
Dastur doirasida tabiiy va aniq fanlar dasturlariga iqlim oʻzgarishi taʼlimini integratsiya qilish natijasida loyiha doirasida 50 000 nafar oʻqituvchi va 2 520 nafar oʻqituvchi-murabbiy malakasini oshirish, shuningdek 1,3 milliondan ortiq yuqori sinf oʻquvchilarining zamonaviy iqlim taʼlimi va “yashil” koʻnikmalarga ega boʻlishi rejalashtirilgan.
