Davlat xizmatlari turlari ro‘yxati
Vazirlik tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati
1. Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish
Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning
1. Ushbu Reglament suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishga ruxsatnoma (keyingi o‘rinlarda ruxsatnoma deb ataladi) berish tartibini belgilaydi.
11. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
suv ob’ekti — suvlar doimiy ravishda yoki vaqtincha to‘planadigan va suv rejimining o‘ziga xos shakllari va belgilari bo‘lgan tabiiy (jilg‘alar, soylar, daryolar va boshqalar) hamda sun’iy (ochiq va yopiq kanallar, shuningdek, kollektor-drenaj tarmoqlari) suv oqimlari, tabiiy (ko‘llar, dengizlar, yer osti suv qatlamlari) va sun’iy (suv omborlari, sel suvlari to‘planadigan joylar, hovuzlar va boshqalar) suv havzalari, shuningdek, buloqlar va boshqa ob’ektlar;
yer usti suvlari — yer qobig‘ining ustida joylashgan suvlar;
suv iste’moli (suvni iste’mol qilish) — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun suv resurslaridan ularni suv ob’ektidan belgilangan tartibda olgan xolda foydalanish;
suv iste’molchisi — o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun suv ob’ektidan suv resurslarini belgilangan tartibda oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
suvdan foydalanish — yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan suv resurslarini suv ob’ektidan olmagan holda ulardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish;
suvdan foydalanuvchi — suv resurslarini suv ob’ektidan olmagan xolda ulardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanuvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
2. Ushbu Reglamentning amal qilishi suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilishni, shu jumladan, suvni olishni va oqova suvlarni oqizib yuborishni amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi o‘rinlarda ariza beruvchilar deb ataladi) tatbiq etiladi.
Ikki va undan ortiq suv olish inshoatlari bitta tizimga ulangan va bir ob’ektning suv ta’minoti uchun yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ishlatilganda yagona ruxsatnoma rasmiylashtiriladi. Agar jismoniy va yuridik shaxslarning suv olish inshoatlari bir tizimga ulanmagan xollarda yoki ikki va undan ortiq ob’ektlarning suv ta’minoti uchun ishlatilganda alohida ruxsatnomalar olinadi.
Ushbu Reglament talablari kommunal suv quvurlari va kanalizatsiyaning markazlashtirilgan tarmoqlaridan foydalanishga jismoniy shaxslar tomonidan sutkasiga 5 m3gacha suvdan umumiy foydalanilganda tatbiq etilmaydi.
3. Ruxsatnoma olmasdan suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish taqiqlanadi.
4. Ruxsatnoma berish jarayonini amalga oshirishda:
a) ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlari (tabiiy suv ob’ektlari suvlaridan foydalanilganida yoki iste’mol qilinganida, yer osti suvlaridan tashqari), suv xo‘jaligi organlari (sun’iy suv ob’ektlari suvlaridan foydalanilganida yoki iste’mol qilinganida) (keyingi o‘rinlarda vakolatli organlar deb ataladi) ruxsatnomani tayyorlaydi va beradi;
b) suv xo‘jaligi organlari (tabiiy suv ob’ektlari suvlaridan foydalanilganida yoki iste’mol qilinganida), sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari (ichimlik suv ta’minoti maqsadlari uchun suv olinganda) (keyingi o‘rinlarda — kelishuvchi organlar) o‘zlarining idoraviy mansubligiga qarashli ruxsatnomani kelishadi.
5. Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli va kelishuvchi organlar o‘rtasida axborot almashinuvi elektron raqamli imzoni (keyingi o‘rinlarda ERI deb ataladi) majburiy tartibda qo‘llash orqali faqat idoralararo elektron o‘zaro bog‘lanish yordamida amalga oshiriladi.
6. Ruxsatnomani berish ushbu Reglamentga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
2-bob. Davlat xizmati ko‘rsatish tartibi
7. Ariza beruvchilar ruxsatnomalar olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda YaIDXP deb ataladi) davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
8. O‘zi kelib murojaat etgan taqdirda Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanish uchun so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.
So‘rovnomaga ushbu Reglamentga 3a — 3i-ilovalarga muvofiq hujjatlar ilova qilinadi.
Ariza beruvchilardan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni, shuningdek, boshqa hujjatlarni taqdim etishni talab etish qat’iyan taqiqlanadi.
9. Ariza beruvchi zarur ma’lumotlarni rasmiylashtirgandan va so‘rovnomaga kiritgandan so‘ng ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshiradi va imzolarni identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (ERI, daktiloskopiya, elektron imzo, Mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
10. Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 30 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
Davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YaIDXP orqali murojaat etilganda, ushbu bandning birinchi xatboshida ko‘rsatilgan yig‘im summasining 90 foizi undiriladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlash axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiriladi.
11. Yig‘imlar summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etganda:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
qolgan mablag‘lar to‘liq vakolatli organning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi;
b) YaIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
11,25 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi» DUKning hisob raqamiga;
qolgan mablag‘lar to‘liq vakolatli organning bank hisob raqamiga o‘tkaziladi.
12. So‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi, hujjatlarning to‘liq bo‘lmagan holatlarda ilova qilinishi, shuningdek, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik davlat xizmati ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
13. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda Davlat xizmatlari markazi uning so‘rovnomasini ko‘rmasdan qoldiradi. Bunda, to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.
14. O‘zi kelib murojaat etganda Davlat xizmatlari markazlari so‘rovnoma to‘ldirilgan vaqtdan boshlab bir soat mobaynida uni vakolatli organga yuboradi.
YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
15. Vakolatli organ so‘rovnoma tushganidan so‘ng besh ish kuni mobaynida tegishlicha Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi yoki Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadigan shakllar bo‘yicha ruxsatnoma loyihasini tayyorlaydi, uni o‘zining ERI bilan tasdiqlaydi va uni ilovalar bilan birgalikda kelishuvchi organlarga yuboradi yoki elektron shaklda ruxsatnoma loyihasini tayyorlashni rad etadi.
16. Kelishuvchi organlar ruxsatnoma loyihasini olganlaridan so‘ng besh ish kuni mobaynida ruxsatnoma loyihasini ko‘rib chiqadilar, kelishadilar yoki kelishishni rad etadilar.
17. Ruxsatnoma loyihasi kelishilgan kuni kelishuvchi organ uni vakolatli organga elektron shaklda yuboradi.
18. Vakolatli organ kelishilgan ruxsatnoma tushgan kundan boshlab uni uch ish kuni mobaynida elektron shaklda Davlat xizmatlari markaziga (o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali yuboradi.
O‘zi kelib murojaat qilganda Davlat xizmatlari markazi ruxsatnoma tushganidan so‘ng bir soat mobaynida unga o‘zining muhrini bosib, ariza beruvchiga beradi.
19. Suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi ruxsatnoma loyihasini tayyorlash hamda kelishishni rad etish uchun asos bo‘ladi.
Boshqa asoslar bo‘yicha va qonun hujjatlarining aniq normalari ko‘rsatilmasdan ruxsatnoma loyihasini tayyorlash hamda kelishishni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Ariza beruvchi ruxsatnoma berilishi rad etilgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun yig‘imni to‘lamagan holda ruxsatnoma olish uchun takroran murojaat qilish huquqiga ega.
Ruxsatnoma berish masalasini takroran ko‘rib chiqishda vakolatli va kelishuvchi organlar tomonidan avvalgi rad etish uchun asoslarda bayon etilmagan sabablar keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, avval ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar bilan bog‘liq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
20. Ariza beruvchining tashabbusi bilan ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib qo‘yish, qayta tiklash, tugatish O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsatnomalar berish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonuni talablari inobatga olingan holda ushbu Reglamentda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Ruxsatnomani ishlab chiqish va berish, shuningdek, uni kelishish to‘lov undirilmagan holda amalga oshiriladi, davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun yig‘im undirilishi bundan mustasno.
22. Davlat xizmatlari markazlari, vakolatli va kelishuvchi organlar o‘z faoliyatini amalga oshirish natijasida olingan ariza beruvchi haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi kerak.
23. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari va Davlat xizmatlari markazlari ushbu Reglament talablari ijrosi bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyati ustidan, shu jumladan, YaIDXP orqali, doimiy nazoratni va monitoringni amalga oshiradilar.
24. Ariza beruvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
25. Ushbu Reglament talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
