Hay’at
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Hay’atining tarkibi
Hay’at raisi:
Xamraуev Shavkat Raximovich – vazir
Hay’at a’zolari:
Vakant – vazirning birinchi o‘rinbosari
Qarshiуev Rustam Jo‘raуevich – vazir o‘rinbosari
Vakant – vazir o‘rinbosari
Xodjiaxmedov Dilshodjon Akmaldinovich – vazir o‘rinbosari
Mirzaуev Baxadir Suyunovich – “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti rektori
Nadjimov Marat Faxriуevich – “O‘zsuvloyiha” aksionerlik jamiyati direktori
Urazgeldiyev Abduvohid Baxtiyorovich – Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti direktori
O‘zbekiston Respublikasi
Suv xo‘jaligi vazirligining
2018-yil 5-oktabrdagi
2/1-sonli hay’at qaroriga ilova
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hay’ati to‘g‘risida Reglament
I bob. Umumiy qoidalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hay’ati (keyingi o‘rinlarda hay’at deb ataladi) doimiy faoliyat ko‘rsatadigan maslahat organi hisoblanadi.
2. Hay’at o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay’atlarining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 855-sonli qarori bilan tasdiqlangan Namunaviy Reglamentga, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 500-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
3. Hay’at o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq qonuniylik, nazoratda bo‘lish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berish, boshqaruv va kollegiallikni markazlashtirish tamoyillari asosida amalga oshiradi.
II bob. Hay’atning asosiy vazifalari
4. Hay’atga quyidagi vazifalar yuklanadi:
suv xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, suv xo‘jaligi sohasida yangi texnologiyalarni joriy qilish va takomillashtirishga qaratilgan yagona suv xo‘jaligi siyosatini amalga oshirish, suv xo‘jaligi sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, suv xo‘jaligi infratuzilmasi ob’ektlarini rivojlantirish, irrigatsiya tizimlarini havzaviy boshqarish tamoyili asosida yer usti suvlarining davlat boshqaruvini amalga oshirish va suvdan foydalanish va suv iste’moli sohasida innovatsion texnologiyalarni joriy qilish hamda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan vazirlik faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;
mamlakat suv xo‘jaligi, sohalar va hududlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda vazirlik va boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish va o‘zaro uzviy hamkorligini ta’minlash;
qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrlarda suv xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga qaratilgan amalga oshirilayotgan kompleks, sohaviy va hududiy dasturlarni amalga oshirish samaradorligini oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilgan va tuzatishlar kiritilgan holda ularning natijadorligini baholash;
vazirlik tizimi xodimlari va rahbarlarining ularga yuklangan qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun shaxsiy javobgarligini oshirish bo‘yicha choralar qabul qilgan holda vazirlik tarkibiy va hududiy bo‘linmalari hamda idoraviy mansub tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini tizimli asosda eshitishni tashkil etish;
vazirlik faoliyati sohasining hududiy va sohaviy dasturlarini amalga oshirish natijadorligini choraklik va tizimli asosda ko‘rib chiqish;
joylarda suv xo‘jaligi sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, vujudga kelgan muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli qarorlarni ishlab chiqqan va qabul qilgan holda kengaytirilgan sayyor hay’at majlislarini o‘tkazishni tashkil etish;
vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlar ro‘yxatini ko‘rib chiqish va tasdiqlash;
vazirlik nomenklaturasiga kiruvchi lavozimlarga xodimlarni tanlash va joyiga qo‘yish masalalarini ko‘rib chiqish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaror va topshiriqlarida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash uchun Vazirlik rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish va ijro intizomini mustahkamlash;
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, vazirlik tizimidagi Respublika va hududiy korxona va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarining tizimli asosda eshitib borilishini tashkil etish, qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida ko‘rsatilgan vazifalarning belgilangan muddatlarda hamda sifatli amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan barcha darajadagi rahbarlar va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish choralarini ko‘rish;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatiga kiritiladigan va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi mas’ul ijro etuvchi organ hisoblangan qonun loyihalari bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish.
5. Hay’at O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vakolatiga kiradigan va kollegial muhokama etishni talab qiladigan har qanday masalani ko‘rib chiqish huquqiga ega.
III bob. Hay’at tarkibi
6. Vazirlikda uning faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish uchun tarkibida Vazir (hay’at raisi), uning o‘rinbosarlari (lavozimiga ko‘ra), manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari, suv xo‘jaligi sohasining yetakchi mutaxassislari va olimlari hamda tarkibiy tuzilmalar rahbarlari bo‘lgan 9 kishidan iborat hay’at tuziladi.
7. Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Vazirning taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Hay’at faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida vaqti-vaqti bilan uning tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda qisman almashtirib turiladi.
Hay’at a’zosi lavozimidan ozod etilgan holatlarda (uning tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradigan a’zolardan tashqari) hay’at tarkibiga kiritiladigan nomzod bo‘yicha takliflar belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
8. Hay’at raisi:
hay’at faoliyatini tashkil etadi, uning yig‘ilishlarini boshqaradi, majburiyat va topshiriqlarni hay’at a’zolari o‘rtasida taqsimlaydi, yig‘ilishlar rejalari, hay’at qarorlari bajarilishini umumiy nazorat qiladi;
hay’atga ko‘rib chiqishga kiritiladigan masalalarni birgalikda muhokama etish va hal qilish uchun zarur sharoitlar yaratadi;
hay’at faoliyati va uning qarorlari to‘liq hajmda qabul qilinishi uchun shaxsan javob beradi;
zarur holatlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziriga hay’at yig‘ilishlarida qabul qilingan qarorlar va ularning amalga oshirilishi haqida axborot beradi;
maxfiy xususiyatga ega masalalar, shuningdek davlat sirini tashkil etadigan ma’lumotlarga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqish uchun hay’atning yopiq yig‘ilishlarini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;
hay’atning ko‘chma yig‘ilishlarini, shuningdek boshqa kollegial organlar bilan qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi.
Hay’at raisi bo‘lmaganda uning vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bajaradi.
9. Hay’at a’zolari quyidagi huquqlarga ega:
hay’at faoliyatining rejalari loyihalariga, hay’at yig‘ilishlarining kun tartibi va o‘tkazish tartibi, hay’at yig‘ilishlarining tasdiqlangan rejasiga qo‘shimchalar hamda o‘zgartirishlar, hay’atning navbatdan tashqari yig‘ilishlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar, fikr-mulohazalar va tuzatishlar kiritadi;
ko‘rib chiqiladigan muammolarga doir hujjatlar va hay’at qabul qilgan qarorlar ijrosi yuzasidan materiallar bilan tanishadi;
ma’ruzachilarga savollar berish, muhokama etiladigan masalalar yuzasidan o‘z fikrini, shuningdek qabul qilinadigan qarorlar va hay’at yig‘ilishlari bayonnomasi bo‘yicha fikr-mulohazalar hamda takliflar bildiradi;
zarur holatlarda, ovoz berishda yig‘ilish bayonnomasiga alohida fikrlarni yoki yozma ravishdagi alohida fikrni kiritishni talab qiladi;
hay’at yig‘ilishlarini tashkil etish, ko‘rib chiqiladigan masalalar bo‘yicha materiallar tayyorlash, hay’at qarorlarining amalga oshirilishini tashkil etish, nazorat qilish va hay’at topshiriqlarini bajarishda ishtirok etadi.
Hay’at a’zolari:
masalalarni muhokama etish va ovoz berishda teng huquqlarga ega;
hay’at yig‘ilishlarida shaxsan ishtirok etishga majbur va o‘z vakolatlarni boshqa shaxslarga berish huquqiga ega emas.
Hay’at a’zolari hay’at raisi yoki uning vazifasini bajaruvchi vazifalarini O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari ruxsati bilan uning yig‘ilishlarida ishtirok etishdan ozod etiladi. Bunda hay’at a’zosi muhokama etiladigan masala yuzasidan o‘z fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
Hay’at a’zolari egallab turgan lavozimidan (hay’at tarkibiga lavozimi bo‘yicha kiradigan a’zolardan tashqari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda ozod etilishi mumkin.
IV bob. Hay’at faoliyatini tashkil etish
§ 1. Hay’at ishini rejalashtirish
10. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining ish rejasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ish rejalarini hisobga olgan holda yarim yilga tuziladi, hay’at a’zolari tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda uning raisi tomonidan imzolanadi.
11. Hay’at ishlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida rejalashtirishni tashkil etishning umumiy prinsiplari va talablariga muvofiq rejalashtiriladi.
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 500-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha vazirlik hay’ati a’zolarining takliflari asosida har oyda hamda Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi organlari hay’atlarining faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 855-sonli qarori bilan tasdiqlangan Namunaviy Reglamentga muvofiq har chorakda kamida bir marta rejalashtiriladi va o‘tkaziladi.
Rejada hay’atga ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan masalalarning aniq ta’rifi, ularni ko‘rib chiqish muddatlari, masalalarni tayyorlash uchun mas’ul hay’at a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hay’at yig‘ilishiga qarorlar loyihalari va boshqa materiallarni ishlab chiqadigan vazirlik markaziy apparatining boshqarmalari va bo‘limlari tomonidan ko‘rsatiladi.
Zarur bo‘lganda (yuqori organlar topshiriqlari, xizmat zarurati va boshqalar) O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hay’ati hal etishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan hay’at yig‘ilishlari navbatdan tashqari tartibda o‘tkazilishi mumkin.
12. Hay’at yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladigan masalalar hay’at raisi va uning a’zolari, shuningdek hay’at mas’ul kotibining so‘rovlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqarmalari va bo‘limlari tomonidan kiritiladi.
13. Hay’at yig‘ilishlarining navbatdagi yarim yil uchun rejasining loyihasi bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hay’atining mas’ul kotibiga tegishli yilning 1 noyabr va 1 mayiga qadar taqdim etiladi. Reja loyihasi yuzasidan takliflar masalalarning ta’rifi va ularni ko‘rib chiqish muddatlari, ma’ruzachilar va masalalarni tayyorlash uchun mas’ul shaxslar familiyasi, ijro etuvchi bo‘linmalar nomini (komissiyalar yoki ishchi guruhlar tarkibini) o‘z ichiga olishi lozim.
14. Boshqa kollegial organlar bilan birgalikda yig‘ilishlar o‘tkazish bo‘yicha takliflar dastlab, ular bilan, ko‘chma yig‘ilishlar esa O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Ishlar boshqarmasi hamda Moliyalashtirish, buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi bilan kelishilishi shart. Boshqa kollegial organlar bilan qo‘shma yig‘ilishlar o‘tkazish haqidagi qaror avval O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mutasaddi o‘rinbosarlari bilan kelishiladi.
15. Hay’at yig‘ilishlari rejasining loyihasini tayyorlash va kelishish hay’at mas’ul kotibi zimmasiga yuklanadi.
16. Hay’at mas’ul kotibi tasdiqlangan rejani hay’at a’zolariga, rejadan ko‘chirmani esa ijro etuvchilarga, ya’ni vazirlik markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘lim rahbarlariga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlariga vazirlikning internetdagi minwater.uz korporativ pochtasi orqali jo‘natilishini tashkil etadi.
17. Hay’at raisi ( hay’at raisi bo‘lmaganda uning roziligi bilan ushbu vazifani vaqtinchalik bajaruvchi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari tomonidan) yig‘ilishlarning tasdiqlangan rejasiga tuzatishlar kiritilishi, zarur holatlarda navbatdan tashqari yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin.
§ 2. Hay’at yig‘ilishlariga masalalarni tayyorlash
18. Hay’at yig‘ilishlarida ko‘rib chiqish uchun masalalarni tayyorlash jarayoni muammo mohiyatini chuqur va har tomonlama tahlil qilish, avval qabul qilingan boshqaruv qarorlari va ularni amalga oshirish tadbirlari samaradorligini baholash, kamchiliklarni, ularning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladigan sharoitlar va sabablarni aniqlash, ishlarning holatini yaxshilashga qaratilgan takliflarni ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha taxmin qilinayotgan natijalarni o‘z ichiga olishi darkor.
Zarur holatlarda ko‘rib chiqiladigan muammo yuzasidan ishlar holatini bevosita vazirlik markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘lim rahbarlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlarida oldindan kun tartibiga kiritilgan masala yuzasidan o‘rganish (tekshirish) tashkil etiladi.
19. Hay’at kun tartibiga kiritilgan masalani tayyorlash uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik markaziy apparatining boshqarma, boshqarma yoki mustaqil bo‘lim rahbari hay’at yig‘ilishlari rejasidan ko‘chirma olganidan so‘ng 10 kun muddatda hay’at yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tadbirlar rejasini tuzadi va masalalarni tayyorlash uchun mas’ul shaxslarga tasdiqlatadi, nusxasini rejani amalga oshirishda ishtirok etadigan vazirlik markaziy apparatining boshqarma yoki mustaqil bo‘lim rahbarlariga yuboradi.
20. Hay’at kengashiga 10 kun qolganda hay’atning yillik ish rejasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha ma’lumotlar, qaror loyihalari va boshqa kerakli hujjatlar to‘liq tayyorlanib, so‘ngra tegishli boshqarmalar boshliqlari va vazir o‘rinbosarlari bilan kelishilgan holda imzosi olinib, hay’at mas’ul kotibiga umumlashtirish uchun topshirilishi shart. Hay’at mas’ul kotibiga topshiriladigan hay’at qarori loyihalari to‘rt qismdan iborat bo‘lishi shart.
Birinchi qismi nomlanish qismi bo‘lib, bu qismida hay’at qarori loyihasini tayyorlashdan maqsad yoki muhokama etilayotgan masalaning qisqacha tahlili aniq ko‘rsatilishi lozim;
Ikkinchi qismi izoh (kirish qismi, ya’ni preambula)dan iborat bo‘lib, bu qismda hay’at qarori qabul qilishdan aniq maqsad, ushbu masaladagi holat tahlili va holisona baho ko‘rsatilishi lozim.
Uchinchi qismi (asosiy qism) da ijro muddati va bajarilishi uchun mas’ul shaxslar aniq ko‘rsatilgan topshiriqlar, agar hay’at qarori orqali biror bir xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llaniladigan bo‘lsa, uning sabablari, tahlillari va dalillari to‘liq ko‘rsatilishi kerak;
To‘rtinchi qism (yakunlovchi qism)da hay’at qarorining ijrosini nazorat qilish vazirning tegishli o‘rinbosari yoki boshqarma boshlig‘i zimmasiga yuklatilishi zarur.
Hay’at yig‘ilishlariga muhokama etiladigan masala yuzasidan quyidagi materiallar tayyorlanadi:
muhokama etiladigan masalaning mohiyatini to‘liq ochib beradigan, tanqidiy ruhda tahlil qilingan ma’lumotnoma;
hay’at qarorlari va ularni amalga oshirish to‘g‘risidagi buyrug‘i (qarori) yoki hay’atning protokol qarori hamda hay’at yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan boshqa hujjatlar loyihalari;
zarur bo‘lganda, hujjatlar loyihalari bo‘yicha mavjud kelishmovchiliklar to‘g‘risida ma’lumotnoma va loyihani tayyorlash hamda kelishish davomida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni amalga oshirish rad etilganini asoslash;
hay’at yig‘ilishiga taklif etilgan shaxslar ro‘yxati;
hay’at yig‘ilishida so‘zga chiqadigan shaxslar ro‘yxati;
hay’at raisi yoki hay’at kotibining ko‘rsatmasiga binoan boshqa hujjatlar.
21. Ma’lumotnoma ko‘rib chiqiladigan masala mohiyatining qisqacha va ob’ektiv bayonini, ushbu yo‘nalishdagi ishlarda mavjud kamchiliklarni, ularning sabablari va kamchiliklarni bartaraf etish borasidagi muammolar va takliflarni o‘z ichiga olishi kerak.
Faoliyatni takomillashtirishga doir taklif etiladigan chora-tadbirlar, odatda, kompleks xususiyatga bo‘lishi zarur.
22. Hay’at qarorlari va ularni amalga oshirish bo‘yicha buyruqlar (qarorlar) loyihalari belgilangan tartibda kelishiladi.
Hay’at yig‘ilishi qarorlari hay’at a’zolari bilan kelishilgan holda ularni chaqirtirib o‘tirmasdan, kelishilganlik haqida imzosi olinib qabul qilinishi ham mumkin.
Yig‘ilish chaqirilmasdan qabul qilinadigan hay’at hujjatlari va qarorlariga hay’at a’zolari o‘rtasida so‘rov o‘tkazish orqali hay’atning barcha a’zolari bilan kelishilishi va imzolanishi shart.
23. Barcha materiallar masalalarni tayyorlash uchun mas’ul shaxslar va O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining tegishli yo‘nalishdagi faoliyatiga rahbarlik qiladigan o‘rinbosari bilan kelishiladi hamda imzolanadi.
Hay’at qarorlari va ularni amalga oshirish bo‘yicha buyruqlar (qarorlar) loyihalari ularni tayyorlashda ishtirok etgan va manfaatlari e’tiborga olingan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari tomonidan ham imzolanadi.
24. Belgilangan tartibda kelishilgan materiallar hay’at mas’ul kotibiga mazkur materiallarni tayyorlash rejasida belgilangan muddatlarga muvofiq, ammo masala ko‘rib chiqish rejalashtirilgan oyning 5-sanasidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.
25. Qo‘yilgan talablar buzilgan holatda tayyorlangan yoki to‘liq hajmda taqdim etilmagan materiallarni hay’at mas’ul kotibi qabul qilmaydi. Olingan materiallar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining tarkibiy bo‘linmalari rahbarlariga kamchiliklarni bartaraf etish uchun qaytarib beriladi.
26. Hay’at materiallari biron-bir sabab tufayli belgilangan muddatda taqdim etilmasa yoki masalalarni tayyorlash uchun mas’ul shaxsning fikricha uni ko‘rib chiqish zarurati bo‘lmasa, bu haqda hay’at raisiga yozma ravishda axborot beriladi.
27. Mukammal ishlab chiqilmagan masalalar hay’at raisining ko‘rsatmasi yoki hay’at qarori bilan muhokamadan olib tashlanadi va materiallar ijro etuvchiga mukammal ishlab chiqish uchun qaytariladi.
28. Hay’at yig‘ilishiga tayyorlanadigan masalalarni tayyorlash uchun mas’ul shaxslar materialni sifatli ishlab chiqish, materiallar loyihalarining o‘z vaqtida taqdim etilishi va ulardagi ma’lumotlar ishonchliligi uchun shaxsan javob beradi.
29. Hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqiladigan masalalarni o‘rganish, hay’at qarorlari loyihalari va boshqa materiallarni tayyorlash yoki mukammal ishlab chiqish, shuningdek qabul qilingan qarorlar ijrosini tekshirish uchun vaqtinchalik komissiyalar va ishchi guruhlar tashkil etilishi mumkin. Ularning faoliyati natijalari yuzasidan hay’atga axborot beriladi. Komissiyalar va ishchi guruhlarning alohida fikrga ega a’zolari uni hay’at a’zolari yoki raisi e’tiboriga yetkazish huquqiga ega.
§3. Hay’at yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish tartibi
30. Hay’at mas’ul kotibi hay’at ish rejasiga muvofiq tayyorlangan materiallar mavjud bo‘lsa, yig‘ilish kun tartibi loyihasi va uning ishtirokchilari ro‘yxatini shakllantiradi, hay’at yig‘ilishiga tayyorlangan barcha hujjatlarni hay’at raisi yoki u bo‘lmagan taqdirda uning vazifasini bajaruvchi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari bilan kelishadi.
31. Hay’at yig‘ilishining kun tartibi, jumladan, yig‘ilish o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy hay’at raisi tomonidan belgilanadi.
32. Hay’at mas’ul kotibi navbatdagi yig‘ilish materiallarini olgandan so‘ng ularni ko‘paytirish va hay’at a’zolariga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining manfaatdor tarkibiy bo‘linmalariga tarqatilishini tashkil etadi.
Materiallar boshqalarga hay’at raisi bilan kelishilgan holda yuboriladi.
33. Hay’at yig‘ilishiga O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, shu jumladan ommaviy axborot vositalari rahbarlari hamda xodimlari taklif etilishi mumkin.
Hay’atning ochiq yig‘ilishlariga “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq axborotdan foydalanuvchilar ham taklif etilishi mumkin. Ularning O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining hay’ati ochiq yig‘ilishlarida ishtirok etish tartibi, huquqlari va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
34. Hay’at yig‘ilishiga taklif etiladigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, shu jumladan ommaviy axborot vositalari rahbarlari hamda xodimlarini hay’at raisi tomonidan yoki uning topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga muvofiq hay’at mas’ul kotibi xabardor qiladi.
35. Hay’at mas’ul kotibi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Ishlar boshqarmasi boshlig‘i bilan birgalikda hay’at yig‘ilishlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda ishtirok etadigan texnik, xo‘jalik hamda boshqa bo‘linmalarni xabardor qilishni ta’minlaydi, ularning hamkorligini tashkil qiladi, ular tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
36. Hay’at mas’ul kotibi yig‘ilishdan avval ishtirokchilarni ro‘yxatga oladi va ro‘yxatga olish tugagandan so‘ng hay’at raisiga (raislik qiluvchiga) hay’at a’zolari hamda taklif etilgan shaxslar kelgani haqida axborot beradi.
37. Hay’at yig‘ilishiga taklif etilgan shaxslar o‘zlariga taalluqli masalalar muhokamasida ishtirok etadi. Rais (raislik qiluvchi) qaroriga binoan ular bahs-munozaralarda so‘zga chiqib, o‘z fikr va takliflarini bildirishi, muhokama etilayotgan masala va tayyorlangan hujjatlar loyihalari mohiyati bo‘yicha ma’lumotnomalar berishi mumkin.
38. Hay’at yig‘ilishi raisi (raislik qiluvchi) yig‘ilishni ochadi va yopadi, hay’at a’zolarini yig‘ilishga taklif etilgan shaxslar haqida xabardor qiladi, masalalar muhokamasini tashkil qiladi (ma’ruza qilish uchun so‘z beradi, reglamentga rioya etilishini kuzatadi, tayyorlangan hujjatlar loyihalarini, muhokama etilayotgan masalalar bo‘yicha takliflarni ovozga qo‘yadi, ovoz berish yakunlarini e’lon qiladi), masalalar, ma’lumotnomalar, arizalar va takliflarni e’lon qiladi.
39. Hay’at yig‘ilishi uning kun tartibi va o‘tkazish tartibini belgilash hamda tasdiqlashdan boshlanadi.
40. Ma’ruzachi uchun vaqt, odatda, 20 daqiqacha, bahs-munozaralarda chiqishlar uchun 5–7 daqiqagacha, xabarlar va ma’lumotnomalar uchun 3 daqiqagacha belgilanadi. Zarur holatlarda rais (raislik qiluvchi) ma’ruza qilish vaqtini o‘zgartirishi mumkin.
41. Hay’at yig‘ilishida masalalar muhokamasi chog‘ida hujjatlar loyihalari yuzasidan bildirilgan muhim fikr-mulohazalar va takliflar ko‘rib chiqilishi zarur. Muhokama natijalari raislik qiluvchining ko‘rsatmasiga binoan yig‘ilish bayonnomasida aks ettiriladi.
42. Hay’at yig‘ilishlarida videokonferensaloqa, ovozni yozish va stenogrammalash, kino, video va fotosuratga olish hay’at raisi (raislik qiluvchi) bilan kelishilgan holda yoki qarori bilan amalga oshiriladi.
43. Videokonferensaloqa, ovozni yozish va stenogrammalash, kino, video va fotosuratga olish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining Ishlar boshqarmasi hamda Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘basi zimmasiga yuklanadi.
44. Ma’ruzalar va nutqlar matnlari yig‘ilishdan so‘ng hay’at mas’ul kotibiga topshiriladi.
§ 4. Hay’at qarorlarini qabul qilish tartibi
45. Hay’at majlisida uning a’zolarining uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i ishtirok etsa hay’at majlisi qonuniy o‘tkazilgan deb hisoblanadi.
46. Ko‘rib chiqiladigan masala yuzasidan hay’at qarori ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
47. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri va hay’at a’zolari o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan holatda Vazir mustaqil qaror qabul qiladi va kelishmovchiliklar haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot beradi. Hay’at a’zolari ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga o‘z fikrini bildirishi mumkin.
48. Hay’at qarorlari hay’at raisi yoki uning vazifalarni bajaruvchi shaxs (raislik qiluvchi) tomonidan imzolanadi va odatda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining buyrug‘i (qarori) bilan amalga oshiriladi.
49. Tashkiliy, tartib-taomil va nazorat masalalari bo‘yicha hay’at qarorlari yig‘ilish bayonnomasiga kiritiladi va buyruq (qaror) qabul qilinmasdan amalga oshiriladi. Qarorlardagi ko‘rsatmalar (topshiriqlar) belgilangan tartibda bajarilishi shart.
50. Ayrim holatlarda shoshilinch masalalar yuzasidan hay’at qarorlari so‘rov o‘tkazish tartibida qabul qilinishi mumkin.
51. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa davlat va boshqaruv organlarining qo‘shma hay’at yig‘ilishlarida qabul qilingan qarorlar qo‘shma buyruqlar (qarorlar) bilan e’lon qilinadi.
52. Hay’at tomonidan ko‘rib chiqilgan va ma’qullangan hujjatlar loyihalari (nizomlar, yo‘riqnomalar, rejalar va boshqa hujjatlar) belgilangan tartibda tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi.
§ 5. Hay’at yig‘ilishlarini hujjatlar bilan rasmiylashtirish
53. Hay’at yig‘ilishi yakuni bo‘yicha qisqa bayonnoma tuziladi. Bayonnomada uning tartib raqami, yig‘ilish o‘tkazilgan sana va joy, hay’atga raislik qiluvchi va uning ishtirok etuvchi a’zolari, ma’ruzachilar familiyasi, tashkiliy-boshqaruvchilik xususiyatiga ega qarorlar yoki aniq topshiriqlar ko‘rsatiladi. Bayonnomaga kiritilgan topshiriqlar mansabdor shaxslar (ijro etuvchi bo‘linmalar) va bajarish muddatlari ko‘rsatilgan holda qisqa shaklda bayon etilishi lozim.
54. Bayonnomalarni rasmiylashtirish va kelishish hay’atning mas’ul kotibi zimmasiga yuklanadi.
Bayonnomalar birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi va kelishiladi. Bayonnomalarni tayyorlashga O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘limlar rahbarlari jalb etilishi mumkin.
55. Bayonnomalar hay’at raisi (raislik qiluvchi) tomonidan imzolanadi va mas’ul kotib tomonidan tasdiqlanadi.
56. Bayonnomalarga ishtirokchilarning yozma ma’ruzalari va nutqlari, boshqa materiallar, rais (raislik qiluvchi) buyrug‘i yoki hay’at qarori bo‘yicha yig‘ilishlar stenogrammalari ilova qilinishi mumkin.
57. Bayonnomalardan ko‘chirmalar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘limlar rahbarlariga, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlariga ijro uchun tarqatiladi.
Bayonnomalardan ko‘chirmalar hay’at mas’ul kotibi tomonidan tasdiqlanadi.
§ 6. Hay’at qarorlari va boshqa hujjatlari loyihalarini mukammal ishlab chiqish tartibi
58. Hay’at qarorlari, ularni amalga oshirish bo‘yicha buyruqlar (qarorlar) va hay’at yig‘ilishida ko‘rib chiqilgan boshqa hujjatlar loyihalarini bevosita mukammal ishlab chiqish hamda kelishish O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘limlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi. Hujjatlarni mukammal ishlab chiqish muddatlari, odatda, agar bunday muddat alohida belgilangan bo‘lmasa, 2 kalendar kundan oshmasligi kerak.
Hujjatlar loyihalari mukammal ishlab chiqish jarayonida ularga jiddiy o‘zgartirishlar kiritilsa takroran imzolanishi lozim.
Belgilangan tartibga qo‘shimcha ravishda mukammal ishlab chiqilgan hujjatlar loyihalari hay’at yig‘ilishi davomida o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirgan hay’at a’zolari bilan kelishiladi hamda ular tomonidan imzolanadi.
59. Hay’at mas’ul kotibi hujjatlar loyihalarini mukammal ishlab chiqishda, loyihalarni kelishishda ishtirok etadi, bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarning to‘liq kiritilishini nazorat qiladi.
60. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziriga imzolash uchun tayyorlangan hay’at qarorlari, ularni amalga oshirish bo‘yicha buyruqlar (qarorlar) Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasiga taqdim etiladi va bayonnoma bilan birgalikda belgilangan tartibda axborot beriladi.
§ 7. Hay’at qarorlari bajarilishini nazorat qilish
61. Hay’at majlislarida qabul qilingan qarorlar vazirlikning 2018 yil 5 iyuldagi “Vazirlik markaziy apparati hamda uning tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilot-larida ijro intizomiga rioya etilishini ta’minlash, hujjatlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashda qo‘llaniladigan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 40-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnoma talablari asosida vazirlikning Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi tomonidan 3-b nazorat varaqasi ochiladi va belgilangan tartibda nazoratga olinadi.
Topshiriqlar mazmun-mohiyati bo‘yicha hay’at qarorlarining bajarilishini bevosita nazorat qilish ularni amalga oshirish yuzasidan mas’ul etib tayinlangan hay’at a’zolari zimmasiga yuklanadi, shuningdek joriy ishlar jarayonida hay’atning barcha a’zolari tomonidan amalga oshiriladi.
62. Hay’at qarorlarida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazorat Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi boshlig‘i zimmasiga yuklanadi va ularning amalga oshirilishi bo‘yicha hay’atning protokol qarorlarida qayd etilgan topshiriqlarda ko‘rsatilgan shakl va muddatlarda vazirning buyrug‘i (qarori) qabul qilinadi.
63. Hay’at:
o‘z yig‘ilishlarida o‘zi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi to‘g‘risidagi masalani muntazam ko‘rib chiqadi;
ushbu qarorlarning amalga oshirilishi uchun mas’ul shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘limlar rahbarlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlarig rahbarlarining bajarilgan ishlar natijalari to‘g‘risidagi axborotini eshitadi;
o‘z faoliyati yakunlarini muntazam sarhisob qilib boradi, shuningdek hay’at qarorlarini tayyorlash va amalga oshirishda uning a’zolari ishlari samaradorligini ko‘rib chiqadi.
§ 8. Hay’atning mas’ul kotibi
64. Hay’at mas’ul kotibi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati xodimlari orasidan hay’at qaroriga binoan tayinlanadi.
65. Hay’at mas’ul kotibi:
vazirlik hay’atining majlislarini tayyorlash bilan bog‘liq tashkiliy tadbirlarni amalga oshiradi;
vazir o‘rinbosarlari, boshqarma hamda mustaqil bo‘limlari takliflari asosida vazirlik hay’ati ish rejasini ishlab chiqadi, loyihalarni tegishli vazir o‘rinbosarlari va hay’at a’zolari bilan kelishilgandan so‘ng hay’at muhokamasiga kiritadi;
markaziy apparat bo‘limlari rahbarlarining hay’atga materiallarni taqdim etishi ustidan nazoratni ta’minlaydi;
qoniqarsiz tayyorlangan hujjatlarni qayta ishlash uchun qaytaradi;
hay’at materiallarini o‘z vaqtida ko‘paytiradi va ularni hay’at a’zolari hamda boshqa shaxslarga tarqatilishini ta’minlaydi;
hay’at o‘tkazilishini tashkil qilishni ta’minlaydi (zalni tayyorlash, majlis qatnashchilarini ro‘yxatga olish, protokol yuritish, hay’at majlislari audio yozuvi va stengorammasi);
hay’at majlislari protokollarini O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri (xay’at raisi)ga imzoga tayyorlaydi;
hay’at qarorlari va u qabul qilgan hujjatlarni qatnashchilar muhokama qilingan masalalar yuzasidan bildirgan fikr va takliflari hisobga olingan holda, ushbu hujjatlarni taqdim etgan mansabdor shaxslar tomonidan qayta ishlanishini ta’minlaydi;
tayyorlangan hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri (hay’at raisi)ga ma’ruza qilish va imzo qo‘yishi uchun taqdim etilishini ta’minlaydi;
hay’at raisi tomonidan imzolangan hujjatlardan o‘z vaqtida nusxa ko‘chirish, ularni vazirlikning mansabdor shaxslari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlariga ijro etish uchun yuborishni tashkil qiladi.
V bob. Yakunlovchi qoida
66. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirining barcha o‘rinbosarlari, vazirlik markaziy apparatining boshqarma va mustaqil bo‘limlar rahbarlari va barcha xodimlari, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, vazirlik tasarrufidagi Respublika va tizim tashkilotlari rahbarlari o‘z faoliyatida mazkur Reglament talablariga qat’iy rioya etishlari shart.
Eslatma: O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 5 oktabrdagi 2/1-sonli hay’at qarori bilan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri
tomonidan 2018-yil 14-dekabrda tasdiqlangan
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining ochiq hay’at majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lishi tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasiga asosan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.
Mazkur Nizom talablari vazirlik tomonidan ochiq hay’at majlisida ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Vazirlikning hay’at majlislari ochiq tarzda o‘tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Vazirlikning ochiq hay’at majlislarini tashkil etish hamda unda axborotdan foydalanuvchilarning hozir bo‘lishi uchun sharoitlar yaratishga vazirlikning 2018-yil 20-sentabrdagi “Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hay’ati a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 715-sonli qarori ijrosini ta’minlash haqida”gi 1/1-sonli hay’at qarori bilan tayinlangan O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hay’ati mas’ul kotibi (Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasi) hamda Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar sho‘basi mas’ul hisoblanadi.
Vazirlikning ochiq hay’at majlislari kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqti O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlikning rasmiy veb-sayti hamda axborot stendida ochiq hay’at majlislarining kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt hamda boshqa zarur axborotlar majlis o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirilishi shart.
II bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hay’at majlislarida qatnashishini tashkil qilish
Axborotdan foydalanuvchi ochiq hay’at majlislarida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qiladi. So‘rov O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan so‘rovlar anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.
Axborotdan foydalanuvchi ochiq hay’at majlisida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qilgan taqdirda, ushbu so‘rov shu kunning o‘zida maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi va zudlik bilan ko‘rib chiqiladi. Mazkur jurnal O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hay’ati mas’ul kotibi tomonidan yuritiladi.
So‘rovga asosan hay’at mas’ul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hay’at majlisida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritadi hamda bu haqda uni xabardor qiladi. Ochiq hay’at majlisining o‘tkazilish sanasi, vaqti yoki joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchilarga ma’lum qilinadi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisiga kelmagan taqdirda, hay’at mas’ul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.
Ochiq hay’at majlisining o‘tkazilishi rejalashtirilgan zalning tashkiliy-texnik imkoniyatlari hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ular uchun joy tayyorlanadi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi o‘tkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi sababli, ularni ochiq hay’at majlisi o‘tkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular ochiq hay’at majlisining borishini video tasvir orqali moneleksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan xonaga joylashtirilishi mumkin.
Ochiq hay’at majlisida ishtirok etish istagini bildirgan axborotdan foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan kunga bir ish kuni qolganda to‘xtatiladi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, ro‘yxatdan o‘tishi va belgilangan joyga o‘tirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar hay’at yig‘ilishiga raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi e’lon qilingandan so‘ng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hay’at majlisiga kiritilmaydi.
Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisining tasdiqlangan Reglamentida belgilangan tartibda majlisda hay’at a’zolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hay’at majlislari davomida hay’at majlisi muhokamasiga taalluqli bo‘lmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala bo‘yicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi hay’at majlisi o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis o‘tkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hay’at mas’ul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hay’at majlisini fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
Hay’at majlisi bayonnomasida ochiq hay’at majlislarida qatnashgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.
III bob. Yakuniy qoida
Axborotdan foydalanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lishi bilan bog‘liq barcha tartib-qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tartibga solinadi.
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 2-sentabrdagi 14/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 11-iyuldagi 13-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 2-iyuldagi 12/2-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 25-iyundagi 11/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 2-iyundagi 10/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 16-maydagi 9/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 1-maydagi 8/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 1-apreldagi 7/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 7-martdagi 6/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 19-fevraldagi 5/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 10-fevraldagi 4/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 5-fevralrdagi 3/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 17-yanvardagi 2/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2025-yil 7-yanvardagi 1/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 15-yanvardagi 1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 20-fevraldagi 2/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 15-maydagi 3-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 28-iyundagi 4/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 17-iyuldagi 5-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 5-sentabrdagi 6/1-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 11-oktabrdagi 7-sonli bayoni
Vazirlik hay’ati yig‘ilishining 2024-yil 5-noyabrdagi 8/1-sonli bayoni
