Savol-javoblar
Suv xo‘jaligi bo‘yicha aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan tez-tez beriladigan savollarga javoblar
O‘zbekiston Respublikasi “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining asosiy vazifalari nimalardan iborat?
Javob: O‘zbekiston respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunining vazifalari suvga doir munosabatlarni tartibga solishdan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari uchun suvdan oqilona foydalanishdan, suvni bulg‘anish, ifloslanish va kamayib ketishidan saqlashdan, suvning zararli ta’sirini oldini olish va uni bartaraf qilishdan, suv obyektlarining holatini yaxshilashdan, shuningdek suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdan iboratdir.
O‘zbekistonda qanday suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalaniladi?
Javob: Mamlakatimiz suv xo‘jaligi tizimida suv omborlari, sel suv omborlari, kanal (magistral, tumanlararo, xo‘jaliklararo), lotoklar, nasos stansiyasi (sug‘orish va meliorativ), tik quduqlar (sug‘orish va meliorativ), kollektor (magistral, tumanlararo, xo‘jaliklararo), ochiq va yopiq drenajlar, p’ezometrlar, dyuker, akveduk, gidrouzel, suv to‘suvchi inshootlar, suv taqsimlovchi inshootlar va boshqa suv xo‘jaligi inshootlaridan foydalaniladi.
Gidromodul va uning birligi nima?
Javob: Gidromodul – 1 gektar ekin maydonini sug‘orish uchun bir sekundda sarflanadigan suv sarfidir, birligi – l/sek/ga.
Drenaj moduli nima?
Javob: 1 sekundda 1 ga maydondan chiqib ketgan suv miqdoriga aytiladi.
Sug‘orish meyori (orositelnaya norma) nima?
Javob: O‘simlikning o‘sib-rivojlanishi uchun usimlikning vegetativ davrida sug‘orish uchun sarflanadigan suv miqdori tushiniladi. Masalan: Namangan viloyati sharoitida paxta uchun – 5500 kub metr/gektar, g‘alla uchun -3300 kub metr/gektar, sabzavot uchun – 11000 kub metr/gektar, sholi uchun – 22000 kub metr/gektar.
Sug‘orishda suvni tejaydigan texnologiyalarning qaysi turlari mavjud?
Javob: Tomchilatib, yomg‘irlatib, yer ostidan, subirrigatsiya, plyonka to‘shab sug‘orish va ko‘chma egiluvchan quvurlar orqali.
Kanalning foydali ish koeffitsenti (FIK) nima va u qanday topiladi?
Javob: Kanalning boshidagi suv sarfini kanalning oxiridagi suv sarfiga nisbati orqali topiladi.
Masalan: Kanal boshidan 100 kub metr/sek suv ochilgan, shu ochilgan suv kanalning oxiriga 75 kub metr /sek bo‘lib yetib bordi. Demak, 75/100 = 0,75 kanalning foydali ish koeffitsenti 0,75 ga teng ekan.
Sug‘orish tizimining foydali ish koeffitsienti (FIK) qanday topiladi?
Javob: Sug‘orish tizimining FIK kanallarning FIKlari ko‘paytmasiga teng. Misol uchun: xo‘jalik ichki arig‘i FIK – 0,9, xo‘jaliklararo kanal FIK – 0,85, magistral kanal FIK – 0,85 bo‘lsa 0,9 x 0,85 x 0,85 = 0,65 bo‘ladi.
Suvning tezligini o‘lchashning qanday usullari mavjud?
Javob: Gidrometrik vertushka yordamida, po‘kak yordamida va boshq.
Suv sarfini o‘lchash inshootlarining qanday turlari mavjud?
Javob: “Chipoletti”, “Tompson”, ISMITI suv o‘lchash ostonasi va suv o‘lchash novi, quvurli, o‘zgarmas o‘zan va boshqalar.
“Chippoletti” suv o‘tkazgichining ko‘ndalang kesim yuzasi qanday shaklda?
Javob: Trapetsiya.
“Tomson” suv o‘tkazgichining ko‘ndalang kesim yuzasi qanday shaklda?
Javob: Uchburchak.
Gidrotexnika inshooti nima?
Javob: Gidrotexnika inshootlari – suv to‘plovchi, suv o‘tkazuvchi, suv sathini ko‘taruvchi, suv to‘suvchi, suv oqimini boshqaruvchi va bo‘luvchi inshootlar majmuidir.
Suv omborlarning turlari va vazifalari nimalardan iborat?
Javob: Suv omborlar 2 xil bo‘ladi: o‘zanda joylashgan va quyilma. Ularning vazifasi suvni rostlash, ya’ni suv ko‘p bo‘lgan vaqtda suvni yig‘ib, kerakli vaqtda yetkazib berish.
