O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy qilinmoqda
2025-10-07 14:30:00 / Qo'mita yangiliklari

O‘zbekistonda chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimi joriy qilinmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Chet el fuqarolari uchun maxsus soliq rejimini joriy etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.
PF-180-son, 04.10.2025-yil
Unga asosan, 2026-yil 1-yanvardan quyidagi shartlarga javob beradigan chet el fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi tashqarisidagi manbalardan olingan daromadlarini jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilingan holda chet el fuqarolarining daromadari uchun maxsus soliq rejimi joriy qilinadi:
🔹50 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘laydi;
🔹O‘zbekiston Respublikasidagi maxsus vakolatli tijorat bankida bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjada kripto-hamyon ochadi.
Maxsus soliq rejimi maqomini olgan chet el fuqarolari soliq davri boshlanadigan va tugaydigan har qanday ketma-ket 12 oylik davr davomida 30 kalendar kundan ko‘proq O‘zbekiston Respublikasida haqiqatda bo‘lgan jismoniy shaxslar O‘zbekiston Respublikasi hududida mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida turar joy ko‘chmas mulk obyektiga ega bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi rezidenti deb e’tirof etiladi.
Mazkur chet el fuqarolari har bir yaqin qarindoshlari uchun 10 ming AQSH dollari miqdorida maxsus yig‘im to‘laganda yaqin qarindoshlariga nisbatan ham bu tartib amal qiladi.
Chet el fuqarolariga maxsus soliq rejimi komissiyasining qaroriga asosan taqdim etiladi. Buning uchun chet el fuqarosi maxsus soliq rejimini olish uchun Komissiyaga Soliq qo‘mitasi orqali murojaat qiladi.
Chet el fuqarolarining murojaatlari Komissiya tomonidan 5 ish kuni mobaynida ko'rib chiqiladi va natijalari bo‘yicha maxsus soliq rejimini taqdim etish yoki uni taqdim etishni rad qilish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Komissiyaning maxsus soliq rejimini taqdim etish bo‘yicha qarorini olgan chet el fuqarolari maxsus vakolatli tijorat bankiga bank hisobvarag‘ini yoki maxsus vakolatli kripto-birjaga kripto-hamyon ochish bo'yicha murojaat qiladi va maxsus yig‘imni to‘laydi.
Soliq solish metodologiyasi departamenti
