100 mlrddan ortiq aylanma amalga oshirilgan bo'lsa-da, bir so'm ham soliq to'lanmagan!
2025-08-26 14:25:00 / Qo'mita yangiliklari

100 mlrddan ortiq aylanma amalga oshirilgan bo'lsa-da, bir so'm ham soliq to'lanmagan!
Soliq qoʻmitasi tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektron hisobvaraq-faktura (EHF)larni rasmiylashtirishda yoʻl qoʻyilayotgan qoʻpol xato va kamchiliklar hamda noaniqliklarni aniqlashda davom etadi.
Masalan, “Biznesmen” MChJ (nomi oʻzgartirilgan) 2025-yil iyun oyida ixtisoslashmagan ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanish uchun tashkil etilgan va iyul-avgust oyida faol ishchilar soni, ijarada yoki egaligida koʻchmas mulki, mavjud boʻlmasdan 111,5 mlrd soʻm (QQS –12 mlrd soʻm) miqdorida har xil yuqori likvidli tovarlar (oziq-ovqat, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari va h.k) realizatsiyasi yuzasidan EHF rasmiylashtirgan. Mazkur tadbirkorlik subyektida ham 12 mlrd soʻmga yaqin soliq qarzi yuzaga kelgan bo‘lsada, qarzdorlik toʻlab berilmagan.
Shuningdek, 2022-yil iyun oyida ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanish uchun tashkil etilgan “Tadbirkorman” MChJ (nomi oʻzgartirilgan) 2025-yil iyul-avgust oylarida, ijarada yoki egaligida koʻchmas mulki, faol ishchilari mavjud boʻlmasa-da, 29,6 mlrd soʻm (QQS – 3,2 mlrd soʻm) miqdorida har xil yuqori likvidli tovarlar (oziq-ovqat, ehtiyot qismlar, qurilish mahsulotlari va h.k) realizatsiyasi yuzasidan EHF rasmiylashtirgan boʻlib, hisoblangan soliqlar toʻlab berilmagan. Buning natijasida 17 mlrd soʻmga yaqin soliq qarzi hosil bo'lgan.
Bunday holatlar maxsus axborot-tahliliy tizimi orqali aniqlanmoqda. U mavjud raqamli maʼlumotlar tahlili asosida EHFlarning xavf darajasini real vaqt rejimida avtomatik tarzda belgilab beradi.
Eslatib oʻtamiz: elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash boʻyicha maxsus axborot tizimi hozirda test rejimida faoliyat yuritmoqda va aniqlangan holatlar boʻyicha bugungi kungacha hech qanday chora-tadbirlar koʻrilmagan.
Qo‘shilgan qiymat solig‘i ma’murchiligi departamenti
