Hisobot topshirish muddatini birinchi marta buzdingizmi? Jarimani oldini olish imkoniyatingiz mavjud!
2025-06-18 10:10:00 / Qo'mita yangiliklari
Soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirish – bu nafaqat qonunchilik talabi, balki biznesning moliyaviy barqarorligi uchun muhim omildir.
Ammo ayrim soliq to‘lovchilar turli sabablarga ko‘ra bu majburiyatni o‘z vaqtida bajara olmasligi mumkin.
Hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun quyidagi jarimalar qo‘llaniladi:
YTTlar uchun – BHMning 3 baravari miqdorida,
Yuridik shaxsning rahbari uchun – BHMning 10 baravari miqdorida.
MJTK 175-moddasi 2-qismi
Agar tadbirkorlik subyekti tomonidan huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilgan bo‘lsa va u aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda bartaraf etilsa, ularga jarima qo‘llanilmaydi.
MJTK 271-moddasi 11-bandi
Bu holatda jarima o'rniga ogohlantirish beriladi.
2025-yil 18-iyun holatiga ko‘ra:
27 867 ta tadbirkorlik subyekti birinchi marta huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ygan va 30 kun ichida hisobotni topshirganligi sababli ularga jarima qo‘llanilmadi, ogohlantirish berildi. Natijada, 89,5 mlrd so‘m miqdoridagi jarimalar soliq to‘lovchilarning ixtiyorida qoldi.
Hozirda yana 13 352 ta tashkilot birinchi marta shunday huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lib, ular 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda hisobot topshirib, jarimani oldini olish imkoniyatiga ega.
Maʻmuriy amaliyot boshqarmasi
