Kommunikatsiyada uyg‘unlik — hamkasblar uchrashuvi
2025-05-26 19:20:00 / Qo'mita yangiliklari

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasida Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Davlat soliq xizmati Media va kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Rovshan Mamedov va Ozarbayjon Respublikasi Audiovizual kengashi Kommunikatsiya bo‘limi rahbari Talex Guliyev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon delegatsiyasining tashrifi o‘zaro aloqalarning mantiqiy davomi sifatida amalga oshirildi — bundan avval O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Boku shahriga tashrif buyurib, axborot siyosati sohasidagi hamkasblar faoliyati bilan tanishgan edi.
Uchrashuv davomida tomonlar kommunikatsiya strategiyasini rivojlantirish, soliq organlarida matbuot xizmatlarining roli, islohotlarni yoritish va jamoatchilik bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha samarali tajribalar bilan o‘rtoqlashdi.
Mehmonlar Soliq qo‘mitasining soliq ma’lumotlarini real vaqt rejimida tahlil qilish, nazorat va monitoring qilishga xizmat qiladigan zamonaviy platforma –Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi bilan tanishtirildi.
Shuningdek, soliq to‘lovchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarga jadal munosabat bildirish mexanizmlari, OAV bilan ishlash va soliq savodxonligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, Soliq qo‘mitasining kommunikatsiya strategiyasi — matbuot tadbirlarini tashkil etish, onlayn axborot formatlarini kengaytirish, haftalik dayjestlar orqali tizimli axborot yetkazish, jamoatchilik bilan samarali aloqa hamda raqamli kommunikatsiyani rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Muloqot o‘zaro qiziqish va kasbiy hurmat ruhida o‘tdi. Har ikki tashkilot ommaviy kommunikatsiyalar sohasida tajriba almashish va hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.




