“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi – Soliq huquqbuzarliklari uchun moliyaviy sanksiyalar, soliq imtiyozlari va QQS qaytarish haqida
2023-09-15 09:40:00 / Qo'mita yangiliklari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" qarori qabul qilindi.
Hujjatga koʻra:
2023-yil 1-oktabrdan tadbirkorlik subyektlariga miqdori 10 mln soʻmdan yuqori boʻlgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik subyekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalar faqat sud tartibida qoʻllaniladi.
2024-yil 1-yanvardan
- “Izlanish va rivojlanish” (R&D) markazlari tashkil etilgan kundan boshlab 3 yil muddatda mol-mulk, yer soliqlari va xodimlari uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1% miqdorida toʻlaydi.
- jismoniy va yuridik shaxslarga QQSni toʻliq qaytarib berish tizimi quyidagilar hisobidan kengaytiriladi:
- xorijiy turistlarga – Oʻzbekiston xalqaro aeroportlarida Oʻzbekiston hududida sotib olingan va “Tax free” tizimi boʻyicha rasmiylashtirilgan mahsulotlar uchun;
- tur-operatorlarga – xorijiy kontragentlar bilan shartnomalar doirasida koʻrsatilgan eksport xizmatlari uchun.
- “Mahalla budjeti” tizimi shahar va tumanlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Bunda tuman va shahar byudjetiga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, daromadi 1 mln soʻmdan oshmaydigan fuqarolarni daromad soligʻidan ozod qilish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqish belgilandi.
Mazkur meyoriy hujjat amaliyotga joriy qilingach 1,3 mlnga yaqin fuqaro ixtiyorida oʻrtacha bir oyda 84 mlrd soʻm, 1 yilda qariyb 1 trln soʻmga yaqin mablagʻ qoladi.
Strategik rivojlantirish boshqarmasi
