Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
2024-09-25 10:50:00 / Press-relizlar
Press-reliz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi.
Qarorga asosan,
- 30 banddan iborat “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi;
- 2024-2025-yillarda aholini kambagʻallikdan chiqarishning yoʻnalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.
Endilikda mahallalarda kambagʻal oilani aniqlash, uni Kambagʻal oilalar reestriga kiritish, kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan choralarni koʻrish, reestrdan chiqarish jarayonlari “mahalla yettiligi” tomonidan hamkorlik asosida amalga oshiriladi:
Dasturni amalga oshirish doirasida 2024-2025-yillarda tajriba tariqasida ogʻir ahvoldagi oilalarni kambagʻallikdan chiqarish maqsadida:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning oʻrinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng ogʻir ahvoldagi kambagʻal oilalar biriktiriladi;
- 2024-2025-yillarda respublika darajasidagi davlat idoralari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari eng ogʻir ahvoldagi 1 000 ta mahallaga biriktiriladi;
- kambagʻal oilalar va mahallalarga biriktirilgan rahbarlarga zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida tegishli tashkilotning foydasi va byudjetdan tashqari mablagʻlaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
Bunda koʻmak koʻrsatish faqat kambagʻal oilalar oʻz daromadini oshirishi, farzandlarining taʼlim olishi va oila aʼzolarining sogʻligʻini tiklashi va yashash sharoitini yaxshilashi bilan bogʻliq boshqa majburiyatlarni bajargan taqdirda amalga oshiriladi.
Ushbu mablagʻlar hisobidan kambagʻal oilalarga moddiy yordam koʻrsatish taqiqlanadi.
Hududlarda Dastur ijrosini taʼminlash maqsadida, oilalarga davlat tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlarning oʻz vaqtida va sifatli taqdim etilishiga, mahallalarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga — “mahalla yettiligi” bilan birga tuman va shahar hokimlari shaxsan masʼul va javobgar boʻladi.
